Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

  • s Ovoz berish natijalari yuzasidan kimga shikoyat qilinadi?

    j

    O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 102-moddasiga muvofiq nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin besh kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

  • s Qanday hollarda ovoz berish natijalari bekor qilinishi mumkin?

    j

    Salov kodeksi 96-moddasiga muvofiq saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari (hududlari) bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi

     

  • s Foydalanilmagan saylov byulletenlari nima qilinadi?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2 iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 122-bandiga muvofiq uchastka saylov komissiyasi a’zolari tomonidan ovoz berish tugaganidan so‘ng foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlari sanab chiqiladi va yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan bekor qilinadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.

     

    Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari foydalanilmagan va buzib qo‘yilib bekor qilingan saylov byulletenlarini bog‘lam qilib o‘rab, ustiga “Foydalanilmagan va buzib qo‘yilib bekor qilingan saylov byulletenlari” deb yozib, yoniga ularning sonini, qaysi saylovga oidligini, saylov okrugining nomi va tartib raqamini yozadi.

  • s Kimlar nomzodlarning ishonchli vakillari bo‘lishi mumkin?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 sentabrdagi 936-son qarori bilan tasdiqlangan Nomzodlarning ishonchli vakillari to‘g‘risida nizomning 1-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod 10 nafargacha, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod 5 nafargacha, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod 3 nafargacha ishonchli vakilga ega bo‘lishi mumkin.

     

    O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarosi nomzodning ishonchli vakili bo‘lishi mumkin.

  • s Saylovda ishtirok etadigan kuzatuvchilar qanday tayinlanadi?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 19 sentabrdagi 938-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizom talabiga muvofiq xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari hujjatlarini ilova qilgan holda MSKga taqdimnoma kiritadi. MSK besh kunlik muddatda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

     

    Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 19 sentabrdagi 938-son qarori bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida nizomga muvofiq siyosiy partiyaning tuman (shahar) tashkiloti, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovida — hududiy saylov komissiyasiga murojaat qiladi.

  • s Uchastka saylov komissiyalari a’zolariga oylik maoshi o‘z vaqtida berilmasa kimga murojaat etish kerak?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 25 oktabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni moliyalashtirish hamda mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 28-bandiga muvofiq Kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish saylov kuniga uch kun qolganga qadar to‘liq ta’minlanadi.

     

    Saylov a’zolariga oylik maoshlari esa imzo huquqiga ega saylov komissiyalari raislari va hokimliklar bosh buxgalterlari tomonidan ro‘yxat bo‘yicha saylov komissiyalari a’zolariga to‘lanadi.

     

  • s Bu yilgi saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar toifalariga o‘zgartirish kiritildimi?

    j

    Saylov kodeksiga kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. (Saylov kodeksi 5-modda)

  • s Ko‘chma saylov qutisidan kimlar foydalanadi?

    j

    Saylov kodeksi 56-moddasiga muvofiq ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

     

    Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.

     

  • s Qanday hollarda saylovchiga ovoz berish jarayonida yaqin kishilar yoki qarindoshlar ko‘maklashishiga ruxsat berilishi mumkin?

    j

    Saylov kodeksi 55-moddasiga muvofiq Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

  • s Uchastka yoki okrug saylov komissiyasi matbuotda saylov natijalarini e’lon qila oladimi?

    j

    Yo‘q, Saylov kodeksi 97-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinadi (hammaga ma’lum qilinadi).

     

    Mahalliy Kengashga o‘tkazilgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi (hududiy va tuman saylov komissiyasi) tomonidan saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi va matbuotda e’lon qilinadi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida hammaga ma’lum qilinadi.

  • s Bir necha yillardan beri yashab O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan hujjatga yoki O‘zbekiston hududida doimiy yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar ham saylovda ishtirok eta oladimi?

    j

    Yo‘q, ishtirok eta olmaydi. Saylov kodeksining 4-moddasiga ko‘ra saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir.

  • s Takroriy saylov o‘tkazilish tartibi qanday?

    j

    Salov kodeksi 60-moddasiga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

     

    agar saylov o‘tmagan yoxud saylov okrugi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;

     

    deputatlar saylovlarida nomzodlarga eng ko‘p yoqlab berilgan ovozlar soni teng bo‘lgan taqdirda.

     

    Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlarni ro‘yxatga olish va boshqa tadbirlar ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.