№1384 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1384                                                  2024-yil  20-sentyabr

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida

 

Saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 44 – 48-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi e’lon qilinsin.

 

2. Saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1345-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga qat’iy rioya etilsin.

 

3. Saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatini inobatga olib, quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

 

birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida:

 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining markaziy telekanallari, radiokanallari hamda ularda bepul ajratiladigan efir vaqti hajmi 1-1a-ilovalarga muvofiq;

 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining hududiy teleradiokanallari hamda ularda bepul ajratiladigan efir vaqti hajmi 2-ilovaga muvofiq;

 

“Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalarida bepul ajratiladigan nashr maydoni hajmi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;

 

mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni hajmi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

5. Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida:

 

bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga zarur shart-sharoitlar yaratsin;

 

yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya qilsin;

 

bepul ajratilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida efirga uzatilayotgan hamda chop etilayotgan saylovoldi tashviqoti materiallarini ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanligini qayd etib borsin.

 

6. Davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida siyosiy partiyalarga va deputatlikka nomzodlarga haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkinligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

7. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati, Matbuot markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi bilan birgalikda saylovoldi tashviqoti monitoringini tashkil etsin hamda monitoring natijalarini har kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rahbariyatiga taqdim etib borsin.

 

8. 2024-yilning 21-sentyabriga qadar siyosiy partiyalarning hududlardagi tegishli organlarining fikrini inobatga olgan holda hamda ushbu qarorning 2 va 4-ilovalariga muvofiq:

 

hududiy saylov komissiyalari tegishincha viloyat, tuman, shahar Kengashlari saylovi bo‘yicha siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish uchun mahalliy davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi vaqtini belgilasin;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi saylovi bo‘yicha siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi tartibi va vaqtini belgilash tavsiya etilsin.

 

9. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 41-moddasiga asosan 2024-yilning 22-sentyabriga qadar:

 

deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olingan saylov okrugi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekinga yurish;

 

saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzodlarning saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqlarini ta’minlashga doir zarur choralarni ko‘rsin.

 

10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar, shuningdek ularning ishonchli vakillarining saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq ommaviy tadbirlar o‘tkazishda jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

 

11. Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratish, zarur ma’lumot va axborot materiallari bilan ta’minlashni so‘rab davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, jamoat birlashmalariga, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilishga haqli ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin.

 

12. Hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari tegishli hududlardagi prokuratura organlari bilan hamkorlikda saylovoldi tashviqotini o‘tkazish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirsin.

 

13. Ushbu qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin hamda tegishli manfaatdor tashkilotlarga yuborilsin.

 

14. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                                        Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA 1

ILOVA 2

ILOVA 3

ILOVA 4