Deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti xususida muhim ma’lumotlar

 

Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.

 

Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarni va siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olingan kun ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugatiladi.

 

Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega.

 

Deputatlikka nomzod deputat etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar hamda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha nomzodlar saylanishi uchun siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.

 

Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:

 

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;

 

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;

 

saylov komissiyalari a’zolarining;

 

diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.

 

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

 

Tashviqot davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo‘lishi, xalqning salomatligi hamda ma’naviyatiga tahdid solmasligi, urushni, milliy nafratni, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga da’vat qilmasligi kerak.

 

Saylovoldi tashviqoti:

 

OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i) orqali;

 

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish;

 

saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

 

Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarining mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar.

 

Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish bo‘yicha nizomga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish masalalari tartibga solinganligi alohida ta’kidlandi.

 

Tadbirda qayd etilganidek, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar:

 

– sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tashviqot materiallarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatishi;

 

– har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmasligi;

 

– biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek boshqa shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanilganda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilishi lozim.

 

Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi.