Sayt test rejimida ishlamoqda

Ko'p beriladigan savollar (FAQ)

  • s Muddatidan oldin ovoz berishning natijalari qachon e’lon qilinadi?

    j

    Saylov kodeksi 58-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2 iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 122-bandiga muvofiq Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha a’zolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida e’lon qiladi hamda saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasining a’zolari hozirligida komissiyaning seyfida saqlanayotgan muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlar saylov qutisiga hammaning e’tiboriga havola qilingan holda alohida-alohida tashlanishi belgilangan bo‘lib, shu sababli Muddatidan oldin ovoz berishning natijalari ham yakuniy salov natijalari bilan birga e’lon qilinadi.

  • s Ma’lum sabablarga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berishda ham ishtirok etmagan saylovchi saylov kunida ishtirok eta oladimi?

    j

    Saylov kodeksi 57-moddasiga muvofiq saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega hisoblanadi.

     

    Muddatidan oldin ovoz bermagan fuqaro saylov kuni o‘zi biriktirilgan saylov uchastkasiga borib uchastka saylov komissiyasining a’zosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etib saylovda ishtirok etishi mumk

  • s Fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratiladimi?

    j

    Saylov kodeksi 29-moddasiga muvofiq saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

     

    Uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati hamma tanishib chiqishi uchun qulay bo‘lgan holda taqdim etiladi. Bunday ro‘yxatda saylovchilarning faqat familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan yili ko‘rsatiladi.

     

    Saylov komissiyalari saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

  • s Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati qanday ro‘yxat, shu haqda ma’lumot berib o‘tsangiz?

    j

    Saylov kodeksi 28-moddasiga muvofiq saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

     

    Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, shuningdek saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

  • s Qay hollarda saylov komissiyalari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga o‘zgartishlar kiritishi mumkin?

    j

    Saylov kodeksi 28-moddasiga muvofiq saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

     

    Shuningdek, Saylov kodeksi 30-moddasiga muvofiq har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

  • s Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi ma’lumotlar yangilab turiladimi?

    j

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15 avgustdagi 630-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 8-bandiga muvofiq saylov kampaniyasi davrida saylovchilar ro‘yxatlarini aniqlashtirish orqali saylov komissiyalari tomonidan taqdim etiladigan saylovchi fuqarolar to‘g‘risidagi axborotlar asosida shakllantiriladi va yangilab boriladi.

     

    saylovchilarining yagona elektron ro‘yxati har olti oyda bir marta, saylov kampaniyasi davrida esa Markaziy saylov komissiyasi tomonidan davlat personallashtirish markazi va Operator bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadvalga muvofiq yangilanadi.

  • s Saylov kuni tashviqot bannerlari olib qo‘yilishi shartmi?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2 iyuldagi 1345-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 13-bandiga muvofiq saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi.

     

    Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari (jumladan, saylov kunidan ikki kun oldin) joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishdan bir kun oldin olib qo‘yilishi majburiy hisoblanmaydi.

  • s Kimlar saylov yakunida ovozlarni sanashda ishtirok etadi?

    j

    Saylov kodeksi 58-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2 iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 119-bandiga muvofiq uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqish, ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni to‘ldirish jarayonida quyidagilar hozir bo‘lishlari mumkin:

     

    kuzatuvchilar;

     

    siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari;

     

    ommaviy axborot vositalari vakillari.

     

    Mazkur jarayonda uchastka saylov komissiyasi binosida hozir bo‘lishga ruxsat etilgan shaxslardan tashqari boshqa shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.

  • s Saylov yakunida xorijiy kuzatuvchilarning faoliyati nimalardan iborat bo‘ladi?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 19 sentabrdagi 938-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomning 12-bandiga muvofiq Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning vakolat muddati ularga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugaydi.

     

    Nizomning 9-bandiga muvofiq Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

     

    saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;

     

    ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;

     

    saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;

     

    hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi (bundan buyon matnda okrug saylov komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda hudud (okrug) bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir bo‘lish;

     

    saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari haqida hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilishi mumkin.

  • s Ovoz berish natijalari yuzasidan kimga shikoyat qilinadi?

    j

    O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 102-moddasiga muvofiq nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin besh kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

  • s Qanday hollarda ovoz berish natijalari bekor qilinishi mumkin?

    j

    Salov kodeksi 96-moddasiga muvofiq saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari (hududlari) bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi

     

  • s Foydalanilmagan saylov byulletenlari nima qilinadi?

    j

    Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2 iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 122-bandiga muvofiq uchastka saylov komissiyasi a’zolari tomonidan ovoz berish tugaganidan so‘ng foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlari sanab chiqiladi va yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan bekor qilinadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.

     

    Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari foydalanilmagan va buzib qo‘yilib bekor qilingan saylov byulletenlarini bog‘lam qilib o‘rab, ustiga “Foydalanilmagan va buzib qo‘yilib bekor qilingan saylov byulletenlari” deb yozib, yoniga ularning sonini, qaysi saylovga oidligini, saylov okrugining nomi va tartib raqamini yozadi.