“Saylov organlari tizimini takomillashtirishning o‘ziga xosligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

16.11.2023

1773

msk_yangiliklari_in

2023-yil 16-noyabr kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi Chirchiq davlat pedagogika oliygohida “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi vakillari, shahar MFY raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, oliygoh o‘qituvchi va talabalari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

 

Ta’kidlanganidek, deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilib, qabul qilindi. Qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanyapti.

 

Shuningdek, Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, ya’ni “Markaziy saylov komissiyasi — hududiy saylov komissiyasi — tuman va shahar saylov komissiyasi — okrug saylov komissiyasi — uchastka saylov komissiyasi” tuzilmasi taklif etilmoqda. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komissiyalari tuzilishi nazarda tutilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechish hamda ularning vazifalarini hududiy saylov komissiyalariga yuklash taklif etilmoqda.

— Saylov komissiyalarining professional tarzda ish olib borishini ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha bo‘lgan a’zosining doimiy faoliyat yuritishi belgilanmoqda. Xuddi shunday, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zolari soni 7 nafardan 9 nafarga oshirilmoqda hamda jamoatchilik asosida a’zolari faoliyati tugatilmoqda. Ya’ni, Markaziy saylov komissiyasining barcha 9 nafar a’zolari doimiy asosda ishlashi taklif etilyapti.

 

Davra suhbatida qayd etilganidek, saylov komissiyasi a’zolarining ijtimoiy kafolati kuchaytirilmoqda. Xususan, saylov komissiyasining o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan a’zolari saylov davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emasligi o‘rnatilmoqda.

Qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.

 

Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati N.Aminov va Markaziy saylov komissiyasining a’zosi S.Qurbanqulovlar atroflicha javob berdilar.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur