O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistondagi muddatidan ilgari o‘tkazilgan parlament saylovlarini xalqaro kuzatish dasturida ishtirok etdi

02.12.2025

118

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligida joriy yilning 30-noyabrida bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlarining muddatidan ilgari saylovlarini xalqaro kuzatish dasturida ishtirok etdi.

 

Delegatsiya 24 nafar a’zo, shu jumladan Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari a’zolari, MSK kotibiyati xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori va deputatidan iborat bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari ikki davlat markaziy saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlarni kuzatish missiyasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilar missiyalari (shu jumladan, O‘zbekiston bilan chegaradosh Qirg‘izistonning Osh, Jalolobod va Botken viloyatlarida) hamda MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilari guruhi tarkibida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdilar.

 

Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlarini xalqaro kuzatish dasturida jami 58 ta davlatdan 788 nafar xalqaro kuzatuvchi ishtirok etdi. Jumladan, 20 ta davlatning markaziy saylov organlaridan 39 nafar kuzatuvchi, xalqaro tashkilotlar va parlament assambleyalari missiyalaridan 680 nafar kuzatuvchi, Qirg‘izistonda akkreditatsiya qilingan 18 ta elchixonadan 69 nafar diplomat ishtirok etdi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Qirg‘iziston MSK raisi T.Shaynazarov tomonidan saylovlarni monitoring qilish maqsadida Qirg‘izistonga kelgan xalqaro kuzatuvchilar uchun o‘tkazilgan taqdimotda ishtirok etdilar.

 

Shu kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston MSK raislari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. T.Shaynazarov tashrif va Qirg‘iziston saylov jarayoniga bildirilgan qiziqish uchun minnatdorlik izhor etdi. O‘zbekiston MSK raisi Qirg‘iziston MSK raisi tomonidan xalqaro kuzatuvchilar uchun o‘tkazilgan taqdimot yuqori darajada tashkil etilganini ta’kidladi.

 

 

 

 

 

Qirg‘izistonda qisqa vaqt ichida belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilgani, saylovlarni oshkora va uyushqoq tarzda o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini qayd etdi hamda qariyb 800 nafar xalqaro kuzatuvchining ishtirok etishi saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishga xizmat qilishini ta’kidlab, bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari tinch va yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.Z.Nizamxodjayev bunday tashriflar ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasida tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, Qirg‘iz xalqining mehmondo‘stligi va samimiyligi, mamlakatning tabiati va madaniy xususiyatlarini minnatdorlik bilan qayd etdi.

 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi MSKning «Yuksalayotgan O‘zbekiston. Saylov 2024» to‘plami taqdim etildi. Tomonlar saylovlarni tashkil etish sohasida hamkorlik va tajriba almashishni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladilar.

 

Saylov kuni arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bishkek shahridagi bir qancha saylov uchastkalarida bo‘lib, saylov kuni uchastkaga kela olmaydigan fuqarolar uchun binodan tashqarida ovoz berish tartibini o‘rgandilar. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 8:00 dan 20:00 gacha davr mobaynida 9 364 nafar fuqaro ovoz bergan bo‘lib, bu binodan tashqarida ovoz berish uchun ariza bergan saylovchilarning 90,6%ini tashkil etdi.

 

 

 

 

 

Saylov kuni delegatsiya saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish, uning yakunlanishi va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini Bishkek shahri, Osh, Manas va Botken shaharlari, shuningdek, Issiqko‘l viloyati Ton tumanidagi qator saylov uchastkalarida kuzatdi.

 

Delegatsiya 90 dan ortiq saylov uchastkasida bo‘ldi. Monitoring davomida ovoz berish jarayoni oshkoralik va xavfsizlik sharoitida o‘tgani aniqlandi. Saylov uchastkalarda xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hozir bo‘lib, saylov qonunchiligiga rioya etilishi va jarayonning xolis monitoring qilinishini ta’minladilar.

 

 

   

 

Delegatsiya a’zolari uchastka saylov komissiyalari vakillari, kuzatuvchilar va saylovchilar bilan konstruktiv muloqot olib bordilar. Uchastka saylov komissiyalari vakillari saylov jarayonini tashkil etish bo‘yicha yuqori darajadagi tayyorgarlik va malaka namoyish etdilar.

 

Saylov uchastkalariga tashrif davomida delegatsiya a’zolari ovoz berishda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini qo‘llash va saylovlarda masofaviy ovoz berish texnologiyasidan foydalanish bilan tanishdilar.         

 

        

 

 

Saylov kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ovoz berish jarayoni va parlament saylovlarining dastlabki natijalarini e’lon qilish bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasi MSK brifinglarida ishtirok etdilar. Ishtirokchilar saylov okruglari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar bilan onlayn rejimda tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

1-dekabr kuni delegatsiya a’zolari xalqaro kuzatuv missiyalarining matbuot anjumanlarida ishtirok etdilar. Mazkur tadbirlarda Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlarining muddatidan ilgari saylovlarini tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha kuzatuv natijalari aks etgan bayonotlar taqdim etildi.

 

 

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur