08.12.2024

494

msk_yangiliklari_in

Aziz yurtdoshlar!

 

Barchangizni muborak ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32-yillik shonli bayrami bilan samimiy tabriklaymiz.

 

Joriy yilda mamlakatimiz tarixida  birinchi marta yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgan kuchli raqobat, qizg‘in siyosiy kurash va oshkoralik muhitida o‘tgan saylovlar natijasida huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan yangi vakillik organlari tizimi shakllantirildi. Ko‘p millatli xalqimiz saylovlarda yuksak siyosiy madaniyat va faollik ko‘rsatib, fuqarolik burchini mas’uliyat bilan ado etgani xalqaro hamjamiyatning ham keng e’tirofiga sazovor bo‘ldi.  Bu  davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarga xalqimiz bildirgan yuksak ishonchning amaldagi yana bir yorqin ifodasidir.

 

Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda Bosh qomusimizda o‘z ifodasini topgan g‘oyalar, tamoyillar va me’yorlar muhim omil bo‘layotir.

 

Bugungi kunda har bir fuqaro shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy huquqlarini, o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni milliy Konstitutsiyamizdan ayricha tasavvur etolmaydi. Zero, Konstitutsiyamiz barcha sohalarda xalqimizning turmushi farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan islohotlarda huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi jamoasi milliy Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun – 8-dekabr  bayrami bilan  barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etadi.

 

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, hayotimiz yanada farovon bo‘laversin!

 

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur