2023-yil 9-noyabr kuni Samarqand shahar yoshlar markazi binosida Samarqand viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va shahar, tuman bo‘linmalari rahbarlari, viloyatning faol xotin-qizlari vakillari ishtirokida Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan va quyi palata tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Aralash saylov tizimida gender tenglikni ta’minlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari N.Rizayev, Gʻ.Abdiyev, Markaziy saylov komissiyasining kotibi X.Mamatovlar dolzarb mavzularda ma’ruza qildilar.
Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov ma’ruzada qayd etib o‘tganidek: “Hozirgi kunda yurtimizda saylov jarayonlari majoritar tartibda o‘tkazilib, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu saylov tizimi asosida, ya’ni hududiy bir mandatli okrug bo‘yicha saylanadi. O‘zbekistonda amalda bo‘lgan hozirgi davrdagi amaliyot va umuman xorijiy davlatlar tajribasi majoritar saylov tizimining ijobiy jihatlari bilan birga, bir qator o‘ziga xos kamchiliklarini ham namoyon etmoqda.
Xususan, parlamentni shakllantirishda saylovchilarning har bir berilgan ovozi emas, balki g‘olib bo‘lgan nomzodga berilgan ovozlari inobatga olinadi. Ya’ni, g‘olib bo‘lgan nomzodni saylagan fuqarolarning xohish-irodasi asosida vakillik organlari shakllantirilib, qolgan saylovchilarning ovozlari ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Proporsional saylov tizimida esa, saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradilar va deputatlik o‘rinlari partiyalar olgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Ushbu qonun yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan normalarni hayotga izchil tatbiq etishga qaratilgan bo‘lib, ushbu hujjat bilan Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda mojaritar saylov tizimi bo‘yicha ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foizga oshirish, shu bilan birga, proporsional saylov tizimi bo‘yicha partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafarini xotin-qizlar vakillaridan ko‘rsatish nazarda tutilmoqda Bu shubhasiz, gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga keng yo‘l ochadi.
Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning siyosiy, ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilib, ularning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Keyingi yillarda qabul qilingan bir qator qonunlar ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davra suhbatida bugungi kunda xotin-qizlarning ijtimoiy-huquqiy faolligi oshib borayotgani, davlat boshqaruvidagi ishtiroki yanada kengayayotgani xususida to‘xtalib o‘tildi. Birgina misol, ayni paytda Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizini, Senat a’zolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlarining 25 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Ayol deputatlar palataning norma ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati, fraksiyalar va qo‘mitalar tomonidan olib borilayotgan ishlarda alohida faollik ko‘rsatib kelayotgani ta’kidlandi. Jumladan, to‘rtinchi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining o‘tgan davrida, ya’ni 2020 — 2023 yillar davomida ayol deputatlar 23 ta qonun loyihasini ishlab chiqish va parlament muhokamasiga kiritishda bevosita ishtirok etgan.
E’tirof etilganidek, bu, o‘z navbatida, davlat va jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan qonunlar va qarorlarning qabul qilinishida xotin-qizlarning so‘zi, fikri inobatga olinayotganligini ko‘rsatmoqda.
Mavzuga oid tadbirlar turli mehnat jamoalarida, o‘quv muassasalarida faol davom etmoqda.