O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining

2024-yil birinchi yarim yillik ish rejasining ijrosi yuzasidan

AXBOROT

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning birinchi yarim yillikdagi faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun, MSK reglamenti, shuningdek, MSKning 2024-yil 20 fevraldagi 1326-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasida belgilangan yettita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha olib bordi. Ya’ni:

 

Birinchi, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, hududiy saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy yo‘naltirish;

 

Ikkinchi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va uning Kotibiyati faoliyatini takomillashtirish;

 

Uchinchi, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlarga  saylovlarni o‘tkazishga oid Markaziy saylov komissiyasining hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish, tahlil qilish va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish;

 

To‘rtinchi, saylov komissiyalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, saylov jarayonida axborot xavfsizligini ta’minlash;

 

Beshinchi, saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish va o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish;

 

Oltinchi, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida xorijiy davlatlar tajribasini va xalqaro amaliyotni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar saylov organlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish;

 

Yettinchi, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar va aralash saylov tizimining asosiy qoidalarini saylov jarayoni ishtirokchilariga tushuntirish, saylovchilarning elektoral madaniyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, hududiy saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy yo‘naltirish yo‘nalishida:

 

– Hududiy saylov komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida MSKning 2024-yil 27-maydagi 1330-sonli qarori qabul qilindi;

 

– Saylov tizimida ilk bora o‘z faoliyatini doimiy olib boruvchi hududiy saylov komissiyalari tuzildi va ularning 267 nafar a’zodan iborat shaxsiy tarkibi, xususan, hududiy saylov komissiyalarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi komissiya raisi o‘rinbosari va komissiya kotibi tasdiqlandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi va uning Kotibiyati faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishida:

 

– Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga asosan Markaziy saylov komissiyasining jamoatchilik asosida ishlovchi a’zolarining vakolatlari tugatildi. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tarkibi 9 nafar etib belgilanganligi munosabati bilan X. Paluaniyazov hamda M. Xusanova Markaziy saylov komissiyasining yangi a’zosi etib saylandi. Natijada, doimiy asosda faoliyat yurituvchi to‘qqiz nafardan iborat Markaziy saylov komissiyasining to‘liq tarkibi shakllantirildi.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PF–19-sonli Farmoniga muvofiq MSK Kotibiyatiga qo‘shimcha 10 ta shtat birligi ajratildi. Shu munosabat bilan MSK Kotibiyatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. Yangi tashkil etilgan shtat birliklariga saylov qonunchiligi va amaliyoti sohasida tajribaga ega kadrlarni tanlov asosida jalb qilish ishlari davom etmoqda.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PF–19-son Farmoni hamda Markaziy saylov komissiyasi Raisining 2024-yil 29 fevraldagi 22-son farmoyishi bilan Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati tuzilmasiga Kotibiyat rahbari lavozimi kiritildi. A. Ro‘ziyev MSK Kotibiyati rahbari etib tayinlandi;

 

– Markaziy saylov komissiyasining yangi tahrirdagi Reglamenti tasdiqlandi, Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi.

 

 

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlarga saylovlarni o‘tkazishga oid Markaziy saylov komissiyasining hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish, tahlil qilish va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish yo‘nalishida:

 

– Xatlov va tahlillar natijalariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasining 14 ta nizom va yo‘riqnomalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, 3 tasini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarurati borligi aniqlandi. Saylov kodeksiga so‘ngi kiritilgan o‘zgartirishlardan kelib chiqib, hududiy, tuman (shahar), okrug, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tartibga soluvchi, shuningdek saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining 6 ta yangi qarorlari qabul qilindi;

 

– Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomda saylov komissiyalari tomonidan ovoz berish binosini jihozlash, saylovchilarning ro‘yxatlarini shakllantirish, saylov byulletenlari bilan ta’minlash, ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish hamda saylov natijalarini aniqlash tartibi bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq va batafsil belgilandi.

 

E’tiborlisi, bundan oldin ushbu normalar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan bir qator normativ hujjatlarda belgilangan edi, saylov komissiyasi a’zolari va saylov jarayoni ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida deputatlar saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish yagona nizom sifatida ishlab chiqildi.

 

Saylov komissiyalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, saylov jarayonida axborot xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida:

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi bo‘yicha 2024-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasining 10-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda elektron axborot almashuv – “E-saylov” axborot tizimi ishlab chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 29-maydagi “E-saylov” axborot tizimini amalga kiritish orqali ayrim bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovini tayinlash to‘g‘risida
1334-sonli qarori bilan xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining
20-Paxtazor, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 27-Keles va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 53-Turkiston saylov okruglarida bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlar saylovi tayinlandi va o‘tkazildi. Bunda bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlarining sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi tegishli munosabatlar “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirildi;

 

– “Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini dolzarblashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va ijroga qaratildi;

 

– Markaziy saylov komissiyasining yangi veb-sayti, hududiy saylov komissiyalarining veb-saytlari hamda tuman (shahar) saylov komissiyalarining veb-sahifalari ishlab chiqildi va ishga tushirildi;

 

– Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida “Saylov uchastkasini aniqlash” xizmati faol holatga keltirildi.

 

Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish va o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish yo‘nalishida:

 

– Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 27-may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida”gi 1331-son qarori bilan Konsepsiya tasdiqlandi va uni amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Hozirda o‘quv jarayonlarini uslubiy ta’minlash va yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda;

 

– hududiy, tuman (shahar), okrug va uchastka saylov komissiyalarining raisi, o‘rinbosari va kotiblari uchun davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining o‘quv-dasturlari ishlab chiqildi;

 

– uchastka saylov komissiyalari a’zolarini saylov qonunchiligi borasidagi bilim va malakasini oshirishga qaratilgan maxsus video o‘quv qo‘llanmalar tayyorlandi.

 

 

Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida xorijiy davlatlar tajribasini va xalqaro amaliyotni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar saylov organlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish yo‘nalishida:

 

 xorijiy davlatlarning saylov organlari va xalqaro tashkilotlar taklifiga binoan chet davlatlarning saylov qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tayotgan saylovlarni kuzatish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va Kotibiyat xodimlari Hindiston, Bangladesh, Pokiston, Ozarbayjon, Indoneziya, Belarus, Janubiy Koreya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya va Mo‘g‘uliston davlatlariga xizmat safarlarini amalga oshirishdi.

 

– Mazkur tashriflar doirasida MSK vakillari quyidagi xalqaro anjumanlarda:

 

MSK Raisi Z.Nizamxodjayev 15-mart kuni Rossiya Federatsiyasi MSK tomonidan tashkil etilgan “Saylov jarayonlarini raqamlashtirish: maqbul chegaralar” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida;

 

MSK Raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov 13-fevral kuni Indoneziya Umumiy saylov komissiyasi tomonidan Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES) va Erkin saylovlar bo‘yicha Osiyo tarmog‘i (ANFREL) xalqaro tashkilotlari hamkorligida tashkil qilingan “O‘zaro bog‘lanish: demokratiya, texnologiya va saylov daxlsizligi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada;

 

MSK Raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov, komissiya a’zosi G. Raximova 23-26-yanvar kunlari Hindiston saylov komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan Osiy saylov organlari Assotsiasiyasi Ijroiya kengashining majlisida (OSOA IK);

 

MSK Raisi Z. Nizamxodjayev va komissiya a’zosi G. Raximova 23-may kuni Sankt-Peterburg shahrida MDH Parlamentlararo Assambleyasining Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti va MDH PA Kengashi kotibiyatining hamkor universitetlari tomonidan tashkil etilgan “Hamdo‘stlik mamlakatlarida Prezidentlik instituti” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdilar.

 

– 25-28-mart kunlari EXHT DIIHB delegatsiyasi 2023-yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Konstitutsiyaviy referendum jarayonlarini kuzatish natijalari bo‘yicha Yakuniy hisobotlarni taqdim etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida bir qator mutasaddi vazirlik va idoralar hamda siyosiy partiyalar uchun Konstitutsiyaviy referendum va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha monitoring natijalari yuzasidan yakuniy hisobotlarning rasmiy taqdimoti va ularda keltirilgan xulosa va tavsiyalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Xususan, 26-mart kuni DIIHB delegatsiyasining MSK Raisi Z. Nizamxodjayev bilan uchrashuvi o‘tkazildi. Unda DIIHB saylovlarni kuzatish Missiyalarining natijalari bo‘yicha berilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

 

– 28-may kuni EXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari MSK Raisi Z. Nizamxodjayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar hamda saylovlarni kuzatish bo‘yicha ehtiyojlar muhokama etildi.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar va aralash saylov tizimining asosiy qoidalarini saylov jarayoni ishtirokchilariga tushuntirish, saylovchilarning elektoral madaniyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish yo‘nalishida:

 

– Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining ommaviy axborot vositalarida chiqishlari bo‘yicha alohida media-reja ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda;

 

– MSKning rasmiy veb-saytiga Komissiya faoliyatiga, shu jumladan saylov qonunchiligidagi yangiliklarni hayotga tatbiq etishga doir 447 ta axborot joylashtirildi;

 

– MSKning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga 258 ta, jumladan  Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida – 44 ta, Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida – 44 ta, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida – 44 ta post va 38 ta mediahikoya (story), Telegram messenjerida – 44 ta post, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida – 44 ta postdan iborat axborot joylashtirildi.

 

– Matbuot xizmati tomonidan Markaziy saylov komissiyasining 25-yilligi munosabati bilan “Saylov: kecha va bugun” nomli hujjatli film ishlab chiqildi. Markaziy saylov komissiyasining YouTubedagi kanalida namoyish etildi. Ushbu filmda mamlakatimizda saylov jarayonlarining vujudga kelishi hamda rivojlanish tarixi, bugungi zamonaviy saylov yutuqlari tasvirlangan.

 

– MSKning yangi namunadagi rasmiy ramzi (logotipi) hamda Saylov-2024 uchun tegishli logotiplar yanada zamonaviylashtirildi va brendbuklari tayyorlandi. MSKning yangi namunadagi  rasmiy ramzi 2-iyul kuni o‘tkazilgan MSK yig‘ilishida muhokama qilindi va uni tasdiqlash to‘g‘risida 1347-sonli qaror qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan jami 84 ta murojaatning 5 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 76 ta murojaatda ko‘rsatilgan masala Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga tegishli bo‘lmaganligi sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga muvofiq taalluqliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun vakolatli idoralarga yuborilgan, 3 ta murojaat belgilangan tartibda tugatilgan. Hisobot davrida rad etilgan murojaatlar mavjud emas.

 

2024-yilning birinchi yarim yilligi uchun belgilangan 26 ta banddan iborat Tadbirlar rejasida saylov kampaniyasi muddatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan 1 ta band (11-band)ning ijrosi Markaziy saylov komissiyasi qarori asosida keyingi yarim yillikka ko‘chirildi.

 

Tadbirlar rejasi 16-bandining ijrosi ta’minlash ham saylovga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari bilan bog‘liqligi sababli, mazkur band ijrosini ta’minlash muddatini 2024-yilning 2-yarim yilligiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

 

O‘tgan davr mobaynida Markaziy saylov komissiyasining jami 8 ta majlisi o‘tkazilib, 17 ta qaror qabul qilindi.

 

Komissiyada kadrlar salohiyatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, xodimlarni xizmat safariga yuborish va vakolatga doir boshqa masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi Raisining 89 ta farmoyishlari qabul qilindi.