Qonunchilik va siyosiy tizimlar tirik organizm singari doimiy tarzda rivojlanib boradi. Jumladan, mamlakatimiz saylov tizimi va qonunchiligi ham muntazam takomillashib bormoqda. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Xo‘sh, jahonda o‘zi qanday saylov tizimlari mavjud? Va aralash saylov tizimi deganda nima tushuniladi?
1. Majoritar saylov tizimida saylovchilar aniq bir shaxsga ovoz beradi. Saylov byulletenida deputatlik o‘rni uchun kurashayotgan nomzodlar ko‘rsatiladi. 2024-yilga qadar mamlakatimizda majoritar saylov tizimi amal qilgan.
2. Proporsional saylov tizimida saylovchilar siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Siyosiy partiyalar saylovda qo‘lga kiritgan ovozlari foiziga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini egallaydi.
3. Aralash saylov tizimi majoritar va proporsional saylov tizimlarining uyg‘unlashuvidan hosil bo‘lgan. Bu uyg‘unlik parlamentning bir qismi – majoritar, boshqa bir qismi esa proporsional tizim asosida shakllanishida namoyon bo‘ladi.
Avvalgi saylov tizimiga ko‘ra Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatlari majoritar saylov tizimi asosida hududlardagi saylov okruglaridan saylangan. Ya’ni, saylovchilar byulletenda ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga ovoz bergan.
Bu yilgi saylovlarda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati, avvalgidek, majoritar saylov tizimi asosida, qolgan 75 nafar deputat yangi proporsional saylov tizimi asosida saylanadi. Unga ko‘ra saylovchilar byulletenda ko‘rsatilgan partiyalarga ovoz berishadi.
Avvalgi saylovlarda saylovchiga 3 turdagi saylov byulleteni berilgan, jumladan: 1 ta byulleten Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha, 1 tasi xalq deputatlari viloyat Kengashi saylovi bo‘yicha va 1 tasi xalq deputatlari tuman Kengashi saylovi bo‘yicha. Saylovchilar ushbu byulletenlar orqali ovoz berishgan bo‘lsa, endilikda yangi saylov tizimi bo‘yicha fuqarolarga 4 tadan byulleten beriladi. Yuqoridagi 3 ta byulletenga qo‘shimcha ravishda Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha siyosiy partiyalarning nomlari tushirilgan yana 1 ta byulleten beriladi.
Mazkur byulleten orqali saylovchilar o‘zi qo‘llab-quvvatlayotgan siyosiy partiyalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berishadi.
Aralash saylov tizimi quyidagi afzalliklarga ega:
– saylovchilarning har bir ovozi deputatlar saylanishida inobatga olinishini ta’minlaydi;
– siyosiy partiyalarning saylovchilar bilan aloqalari yanada mustahkamlanadi, fuqarolar siyosiy partiyalarning faoliyati bilan yaqindan tanishishni boshlashadi;
– o‘z sohasining yetuk mutaxassislari saylanishi uchun qulay sharoit yaratiladi;
– bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlarini tezkor to‘ldirish imkoniyatini berib, saylov xarajatlari kamayib, davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, yangi saylov tizimi jamiyatni demokratlashtirish sari qo‘yilgan jiddiy qadam hisoblanadi.