Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi.
Bu yilgi saylovlardagi byulletenlar mutlaqo yangi shaklda bo‘lib, saylov byulletenlarining ixchamligi byulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, saylov byulletenlarining ixcham va turli ranglarda chop etilishi hisobiga uchastka saylov komissiyalarining ovozlarni sanab chiqishdagi vaqtini kamida 1 soatgacha, butun respublika bo‘yicha esa, kamida 11 ming soatgacha tejash imkonini beradi.
Saylovchilarga ovoz berish kunida 4 ta saylov byulleteni beriladi:
Birinchi byulleten, och ko‘k rangli bo‘lib, unda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;
Ikkinchi byulleten, och yashil rangli bo‘lib, byulletenda Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar nomi;
Uchinchi byulleten, och sariq rangli bo‘lib, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;
To‘rtinchi byulleten, och kulrangli bo‘lib, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Saylov byulletenida deputatlikka nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.
Siyosiy partiyalar kiritilgan byulletenda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi bilan birga ramziy belgisi ko‘rsatiladi va partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.
Saylov byulletenlari tegishli hududdagi saylovchilar sonini inobatga olgan holda chop etiladi va saylov uchastkalariga yetkaziladi.