Saylovlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘liq ta’minlanmoqda

 

Saylovlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin va hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

 

Jumladan, saylovchilar ro‘yxati uyma-uy yurib aniqlashtirish jarayonlarida saylovchilar orasida nogironligi bo‘lgan shaxslar 832 ming nafar ekanligi hamda ularning 105 ming nafari bo‘lajak saylovda ishtirok etishi uchun ko‘mak berishga muhtojligi aniqlangan.

 

Shuningdek, saylovda mustaqil ishtirok eta olmaydigan har bir saylovchiga ovoz berishga ko‘maklashishi uchun 16 mingga yaqin volontyorlar biriktildi.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovdagi ishtiroki uchun tegishli infratuzilmaviy sharoitlar yaratildi:

 

– barcha saylov uchastkalariga Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar yetkazildi;

 

– ovoz berish xonalariga maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi;

 

– ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan saylov uchastkalarida optik lupalar yetkazildi;

 

– uchastka binolari nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) yoki “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlandi.

 

Bundan tashqari, saylovga oid axborotlarda surdo tarjima, subtitr yozuvi, Brayl alifbosi va boshqa shakllar orqali yetkazilib kelinmoqda.

 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, saylov komissiyalari tarkibida ham 1 343 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar vakillari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

 

Shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilagan barcha deputatlikka nomzodlarning 616 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.