Deputatlikka nomzodlarga eslatma

NOMZODLAR UCHUN UMUMIY MA’LUMOTLAR

 

1.   Nomzodlar ko‘rsatish huquqi va nomzodlarni ro‘yxatga olish

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari berilgandan so‘ng, siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etish uchun uchun kamida 40 mingta saylovchilarining qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini to‘playdi va Markaziy saylov komissiyasi tekshirish uchun taqdim etadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirgandan so‘ng siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

 

Tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

 

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olishni esa tegishli hududiy, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi.

 

Nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi.

 

Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga 35 kun qolganida tugallanadi.

 

Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin 5 kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

 

Partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Partiya ro‘yxatini ro‘yxatga olish uchun tegishli hujjatlar siyosiy partiyaning vakolatli vakili tomonidan ro‘yxatga olish muddati tugashiga kamida 7 kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

 

Partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

 

Partiya ro‘yxatida nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi.

 

Partiya ro‘yxati belgilangan tartibda ro‘yxatga olinganidan keyin 5 kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni siyosiy partiyaning nomi, ro‘yxatga olingan nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyini ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

 

Partiya ro‘yxati belgilangan tartibda ro‘yxatga olinganidan keyin, ushbu ro‘yxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi.

 

Ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 421-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.

 

2.   Nomzodlar faoliyatining kafolatlari

 

Ro‘yxatga olingan barcha deputatlikka nomzodlar va saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar teng huquqlarga ega bo‘ladi.

 

Nomzodlar, siyosiy partiyalarning vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida, televideniye va radio orqali so‘zga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod bo‘lish huquqiga ega.

 

Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin saylov okrugi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi.

 

Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

 

3.   Nomzodlik maqomidan mahrum etish

 

Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi, shu jumladan partiya ro‘yxati bo‘yicha o‘z qarorini saylovga kechi bilan 15 kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin.

 

Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

 

Nomzodning nomzodlikdan voz kechishi. Nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

 

Nomzod saylovga qadar vafot etgan, saylov huquqidan mahrum bo‘lgan yoxud nomzodlikdan chaqirib olingan taqdirda chop etilgan saylov byulletenlaridan ushbu nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilgan satr o‘chiriladi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida bunday nomzodni yoqlab berilgan ovozlar uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida haqiqiy emas deb topiladi.

 

Deputatlikka nomzodni partiya ro‘yxatidan chiqarish. Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu ro‘yxatdan quyidagi asoslarga ko‘ra chiqarilishi mumkin:

 

1)   nomzodning o‘z xohishiga ko‘ra bergan arizasiga asosan;

 

2)   nomzod ixtiyoriy ravishda siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda;

 

3)   Saylov kodeksining 42-moddasida nazarda tutilgan tartibda nomzodlik maqomidan mahrum etilganda;

 

4)   Saylov kodeksi 71-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar vujudga kelgan taqdirda;

 

5)   nomzodning boshqa partiya ro‘yxatida ham nomzodi ko‘rsatilganligi aniqlanganda;

 

6)   nomzod boshqa siyosiy partiyaning a’zosi ekanligi aniqlanganda;

 

7)   nomzod vafot etganda;

 

8)  nomzodning bir mandatli saylov okrugidan ham nomzodi ko‘rsatilganligi aniqlanganda.

 

4.   Nomzodning ishonchli vakillari

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod o‘n nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli, ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

 

Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini o‘z xohishiga ko‘ra belgilaydi va ular haqida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi.

 

Nomzod saylovga qadar o‘z ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi

 

bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.

 

Ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

 

Nomzodlar ishonchli vakillarining O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

 

5.   Nomzodning saylovoldi tashviqoti

 

Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.

 

Nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi tashviqotini (bundan buyon matnda tashviqot deb yuritiladi) qonunda belgilangan shakllarda va usullarda amalga oshirish huquqiga ega.

 

Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarni va partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugatiladi.

 

Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega.

 

Deputatlikka nomzod deputat etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar hamda Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha nomzodlar saylanishi uchun siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.

 

Tashviqot quyidagicha tarzda olib boriladi:

 

–   saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

 

–   nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.

 

Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

 

Tashviqot:

 

–   ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali;

 

–   bosma, ko‘rgazmali, audiovizual     va  boshqa  tashviqot    materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;

 

–   saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

 

Tashviqot davrida uni olib borishning Saylov kodeksida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

 

Tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.

 

Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

 

Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonunchilikka muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

 

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

 

Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

Nomzodlarga bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratiladi. Tashviqot materiallari O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

 

Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

 

–   tashviqot materiallarini tayyorlagan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqdagi boshqa ma’lumotlar;

 

–   tashviqot materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi);

 

–   tashviqot materiallarining adadi, chiqarilgan sanasi to‘g‘risidagi axborot.

 

Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi.

 

Saylovchilar bilan uchrashuvlar deputatlikka nomzodlar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish joyi va vaqti haqida tegishli hududiy, tuman, shahar yoki uchastka saylov komissiyasiga ma’lum qilinadi.

 

Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

 

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.

 

Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

 

6.   Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:

 

–   davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;

 

–   O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;

 

–   saylov komissiyalari a’zolarining;

 

–   diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.

 

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

 

Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga o‘zining kelgusidagi faoliyati dasturini, siyosiy partiyaning dasturini va saylovoldi platformasini tashviqot qilish huquqi beriladi. Tashviqot davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo‘lishi, xalqning salomatligi hamda ma’naviyatiga tahdid solmasligi, urushni, milliy nafratni, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga da’vat qilmasligi kerak.