SIYOSIY PARTIYA QANDAY TASHKILOT?

19.06.2024

4175

msk_yangiliklari_in

Siyosiy partiya muayyan ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifodalovchi, ularning eng faol vakillarini birlashtiruvchi siyosiy tashkilot.

 

«Partiya» so‘zi lotincha «part» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «ish», «qism» degan ma’nolarni anglatadi.

 

Siyosiy partiya — fuqarolarning eng faol, mushtarak mafkura asosida bog‘langan, davlat hokimiyatini qo‘lga kiritish, uni saqlab qolish va amalga oshirishga intiluvchi qismi, ixtiyoriy ittifoqi.

 

Siyosiy partiyalar quyidagi asosiy belgilarga ega:

 

Birinchi bosqich – XV asr – XVIII asr oxirlarini o‘z ichiga olgan, bu davrda siyosiy partiyalarga nisbatan dushmanlik kayfiyati ustuvorlik qilaredi. “Siyosiy partiya” deganda o‘z yetakchilarining xususiy manfaatlarini amalga oshirish faoliyatini maqsad qilib olgan nolegitim guruhlar tushunilgan.

 

Ikkinchi bosqich - XVIII asr oxiri - XIX asrning boshlariga xos bo‘lib, bu davrda siyosiy partiyalar davlat tomonidan tan olina boshlandi. Faylasuflar, siyosatshunoslar va siyosatchilar o‘z faoliyatlarida partiyalarning jamiyat hamda davlat hayotida yashash huquqiga ega ekanligini e’tirof etdi, ularning zaruriyligini tan oldi, o‘z faoliyatlarida ularga tayana boshladi.

 

Uchinchi bosqich - XIX asrning oxiri - XX asrni o‘z ichiga olib, bu davr uchun siyosiy partiyalarning to‘liq legatimligi (jamiyat tomonidan tan olinishi) xarakterlidir.

 

Partiyalarning eng muhim maqsadi, bu - manfaatlarini o‘zlari qondirishi lozim bo‘lgan ijtimoiy qatlamlar vakolatlarini siyosiy tizimda ifoda etishdir. Partiyalar turli ijtimoiy guruhlar, qatlamlarning manfaatlar vakolatlarini jamiyatning siyosiy tizimida ifoda etish yo‘li bilan davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi bog‘lovchilik va vositachilik funksiyalarini bajaradi, shu bilan bir vaqtda ular jamiyatning yaxlitligi va bir butunligini ta’minlaydi. Davlat tizimidagi turlicha: ba’zan musbatlashib, ba’zan manfiylashib turadigan manfaatlarni manfaatlar guruhlari, jamoat tashkilotlari va partiyalarsiz nazorat qilib bo‘lmaydi. Siyosiy partiyalar u yoki bu manfaatlarni ifoda etibgina qolmasdan, bu manfaatlarni shakllantirishda ham bevosita faol ishtirok etadi. Partiyalar fuqarolik jamiyatini davlat bilanuyg‘unlashtiribb, murosasizliklarni yo‘qotish yoki yumshatishni ta’minlaydi, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyatlarining barqarorligini saqlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Kuchli partiyalar davlatni kuchsizlantirmaydi, balki ular davlatni jamiyatning mahalliy organlari bilan mustahkam bog‘lab, siyosiy jarayonlarni nazorat qilishga yordamlashadi.

 

Siyosiy partiyalar jamiyat bilan siyosiy munosabatlarni integratsiya qilib, ularning bo‘linmas bir butunligini ta’minlaydi. Lekin siyosiy partiyalarning liberal demokratik tizim bilan avtoritar va totalitar tizimlardagi funksiyalari bir-biridan farq qiladi. Totalitar tizimda yakkahokim partiya davlat tizimlari bilan birlashib, chirmashib ketadi. Demokratik jamiyatda esa turli raqobatdosh partiyalar o‘z ko‘lamlari darajasida harakat qiladilar. Demokratik partiyalar mintaqaviy va mahalliy tizimlar hamda jamoaviy birliklar bilan mustahkam aloqada bo‘lib, ular umummilliy maqsadlar ruhini dastlab shu hududlardan oladi. Qolaversa, partiyalarning bir-biri bilan raqobatdoshligi tufayliumummilliyy siyosiy tizimlar barcha guruhlardan va mansabdorlardan (ular qanchalik katta lavozimlarni egallamasin) yuqori qo‘yiladi. Shu tariqa siyosiy tizim bilan alohida mansabdorlar o‘rtasiga aniq chegara qo‘yiladi.

 

Siyosiy partiyalarning jamiyatda ichki va tashqi funksiyalari bor. Ichki funksiyalar - partiyaga a’zolar jalb qilish, partiya hayotini moliyalashtirish, mulkiy va boshqa munosabatlarni muvofiqlashtirish,boshlang‘ichch tuzilmalar va oddiy a’zolar bilan partiya elitasi munosabatlarini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlardir.

 

Tashqi funksiyalarga esa hokimiyatni egallash uchun kurash, hokimiyat tepasiga kelganda o‘z dasturini amalga oshirish, xalqaro partiyaviy munosabatlar o‘rnatish, xalq bilan davlat tizimlari aloqalarini ta’minlash, xalqning siyosiy madaniyatini oshirish, siyosiy liderlar tanlash va tayyorlash, ular vositasida jamiyatning boshqaruv tizimlarida ishtirok etish, siyosiy jarayonlarning boshqa ishtirokchilari bilan o‘z manfaatlarini uyg‘unlashtirish, fuqarolarni siyosiy ijtimoiylashtirish kabilar kiradi.

 

Partiyalarning o‘z funksiyalarini amaliyotda bajarishlarining asosiy usuli, bu - saylovlar kampaniyasi davrida partiya, davlatning qonun chiqaruvchi organlariga saylanishlari uchun o‘z nomzodlarini ko‘rsatishlaridir. Bu nomzodlarning saylanishlariga erishish uchun partiya faollari aholining ko‘pchilik qismini tomoniga og‘dirishi, saylovchilar o‘rtasida tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib borishi lozim. Ayniqsa, bu davrda jamoatchilik • fikriga ta’sir qila olish qobiliyatiga ega bo‘lish partiyaning eng asosiy maqsadidir.

 

Shu bilan birga, partiyalar o‘zining kelajak siyosati, dasturi, mafkurasi yo‘nalishlarini xalqda qiziqish uyuyg‘otadiganakllarda xalq ruhiyatiga singdira bilishi - partiyaning saylovlarda g‘alabaga erishishining kafolatlaridan biridir. Partiya o‘zining maqsadlari o‘zi amal qiladigan qadriyatlarni e’lon qilganida (u o‘zining ko‘pchilik saylovchilar ovozini ololmasligini anglasa ham), mafkuraviy maqsadlarda har bir saylov kampaniyasidan unumli foydalanishga harakat qiladi.

 

Qonun chiqaruvchi organlarga o‘z vakillarining ko‘plab saylanishiga erishgan partiya idora qiluvchi elitani shakllantirish, boshqaruv organlarining rahbarlik lavozimlariga nomzodlar tayyorlash va ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Partiya eng avvalo ana shu o‘zi tayyorlagan va o‘zi nomzodlarini ko‘rsatgan deputatlar, shuningdek, boshqaruv lavozimlaridagi mansabdorlar vositasida siyosiy qarorlar qabul qilish jarayoni va uni nazorat qilishda ishtirok etish uchun legitim huquqqa ega bo‘ladi.

 

Saylovlardan keyingi partiya faoliyati turli xil partiyalararo bitimlar tuzish, hukumatni shakllantirish jarayonida ishtirok etish, turli oqimlar va partiyalar bilan bloklar hamda ittifoqlar tuzishdan iborat bo‘ladi. Saylovlar partiya faoliyatining eng faol davri bo‘lsa ham, saylovlarda g‘alabaga erishgan partiya aholini o‘z siyosiy yo‘lini barqaror ravishda xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlashga erishish uchun harakat qiladi. Partiya faollari tomonidan, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida xhukumatolib borayotgan ichki va tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlash uchun turli kampaniyalar va tadbirlar o‘tkazib turadi.

 

Partiyalarning asosiy funksiyalardan yana biri saylov tizimida fuqarolarning siyosiy ishtirokini ma’lum bir shaklga solish va institutlashtirish, o‘z-o‘zidan, stixiyali, norasmiy, ko‘pincha noqonuniy ravishda kelib chiqqan siyosiy harakatlar shakllarini qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolat talablariga xos shaklga solish, bu jarayonlarni an’anaga aylantirishdir. Mamlakatimizda so‘nggi besh yil davomida demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida jamiyat hayotining barcha sohalarida tub demokratik islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bunda fuqarolik jamiyatining tarkibiy institutlari hisoblangan ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik, oila va erkin mehnatni zamon talablari asosida jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini belgilash yuzasidan muayyan yutuqlarga erishdik desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotida tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.

 

Bu borada Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 22-avgust kuni mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvida quyidagilarni ta’kidlab o‘tgan edi: Bugungi kunda yurtimizda beshta siyosiy partiya – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘z g‘oya va dasturlarini amalga oshirishi, saylovlarda tenglik, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida faol ishtirok etib, parlament, mahalliy vakillik organlarida o‘z fraksiyalari va partiyaviy guruhlarini shakllantirishi hamda mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilgan. Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.

 

Ayni paytda jamiyatimizning tobora demokratlashib borishi va siyosiy-huquqiy islohotlarning chuqurlashuvi siyosiy partiyalar oldiga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Siyosiy partiyalarning davlat hokimiyatida, ayniqsa, uning mahalliy vakillik organlaridagi ishtirokini tashkil etishda xorijiy mamlakatlar tajribasini va bu borada dunyo ijtimoiy fanlarida shakllangan siyosiy-huquqiy g‘oyalarni o‘rganish va uni mamlakatimiz vakillik hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish jarayonida qo‘llash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir.

 

Fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biri bu siyosiy partiyalardir. Siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatini siyosiy tizim bilan o‘zaro aloqalarining doimiyligini ta’minlaydi. Ma’lumki, davlat hokimiyati jamiyatga bog‘liq va uning jamiyat tomonidan nazorat qilinishi ko‘p hollarda siyosiy partiyalar vositasida amalga oshiriladi.

 

Siyosiy partiyalar u yoki bu manfaatlarni ifoda etibgina qolmasdan, balki manfaatlarni shakllantirishda ham bevosita faol ishtirok etadi. Partiyalar fuqarolik jamiyatini davlat bilan uyg‘unlashtirib, murosasizliklarni yo‘qotish yoki yumshatishni ta’minlaydi, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyatlarining barqarorligini saqlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Kuchli partiyalar davlatni kuchsizlantirmaydi, balki ular davlatni jamiyatning mahalliy organlari bilan mustahkam bog‘lab, siyosiy jarayonlarni nazorat qilishga yordamlashib, davlatni yanada kuchaytiradi. Aksincha, partiyalarning kuchsizligi davlatning kuchsizligiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Partiyalar o‘z a’zolarining siyosiy irodasini ifodalab, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini tuzishda ishtirok etishni, shuningdek Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylangan o‘z vakillari orqali hokimiyat organlarining faoliyatida qatnashishni asosiy vazifa qilib qo‘yadilar. Ularning dasturiy hujjatlari bo‘ladi va bunday hujjatlar matbuot orqali ommaning e’tiboriga havola qilinadi. O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi o‘z siyosiy irodasini o‘zi xohlagan siyosiy partiyaga a’zo bo‘lib, o‘sha partiya orqali ifoda etishi mumkin. Bunday erkinlik, o‘z navbatida, xalq siyosiy ongining o‘sishiga, mamlakatda har xil dunyoqarashga ega, o‘z Vatani istiqloli va har tomonlama rivojlanishiga bor kuch-g‘ayratini sarflaydigan insonlarning ko‘payishiga olib keladi. O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar har xil yo‘llar bilan o‘z a’zolari va boshqa fuqarolarning davlat ishlarida ishtirok etishini ta’minlashga harakat qiladi.

 

Jahonning ilg‘or rivojlangan mamlakatlari qatoridan munosib o‘rin olishga intilayotgan O‘zbekiston uchun, jamiyat siyosiy va huquqiy tizimini zamon talablari asosida isloh etish, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatli ta’minlash, xalq hokimiyatchaligini qaror topishida siyosiy partiyalarning roli va ahamiyatini kuchaytirish, sud-huquq sohasini takomillashtirish, xalqning ijtimoiy, siyosiy, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Mamlakatimizda ham mustaqillikka erishilgandan keyin siyosiy partiyalar yuzaga kela boshladi. Mamlakatda xalq manfaatlari va siyosiy irodalarini erkin bildirish, erkin ifoda etish uchun huquqiy asoslar hamda erkin siyosiy muhit yaratilishi bilan o‘zaro tarzda siyosiy partiyalar ham tuzila boshlandi”.

 

1991-yilning noyabrida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda saylovning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi huquqiy jihatdan e’tirof etildi. Mazkur Qonunda siyosiy partiyalar mamlakat Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega ekanligi bayon etildi.

 

Siyosiy partiyalarning davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda ishtiroki uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish maqsadida va eng muhimi fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismi bo‘lgan siyosiy partiyalarning faolligini oshirish maqsadida 2007-yil aprel oyida qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonundavlat va jamiyat hayotida, davlat qurilishida muhim islohotlar davrini boshlab berdi.

 

Binobarin, mazkur Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati tizimida ham izchil konstitutsiyaviy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishga asos bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasida ko‘ppartiyaviylikning amalda shakllanishi shunga olib keldiki, bu jarayonni maxsus huquqiy tartibga solish zaruriyati paydo bo‘ldi.

 

Darhaqiqat, mamlakatda yangi asr boshida parlament islohotlarining boshlanishi, ikki palatali parlamentni shakllantirish uchun huquqiy asoslarning ishlab chiqilishi munosabati bilan siyosiy partiyalarning jamiyatdagi va davlat qurilishidagi o‘rni yanada yuksaldi. 2004-yil dekabrdagi parlament va mahalliy vakillik organlariga bo‘lgan saylovlarda parlamentning kuyi palatasi – Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqining siyosiy partiyalarga berilishi bilan partiyalarning qonun chiqaruvchi hokimiyatni shakllantirish sohasidagi yangi davri boshlandi.

 

Siyosiy partiyalarga yangi vakolatlarning berilishi bilan o‘z-o‘zidan ularning jamiyat oldidagi mas’ulligi kuchaydi. Umuman, siyosiy partiyalar vakolatlarining kengaytirilishi jamiyat siyosiy sohasini erkinlashtirish jarayonining yangi bosqichini boshlab berdi. “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” siyosiy konseptual dasturning asl mohiyati ham, asosan, ana shu maqsadga qaratildi.

 

Rivojlangan mamlakatlarda siyosiy partiyalarning yuksalishi, ularning davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarini ta’minlashdagi o‘rnining yuksalib borayotganligining asosiy sabablaridan biri – ularni davlat hokimiyatini shakllantirishdagi o‘rni bilan izohlanadi. Hali insoniyat tarixida partiyalarsiz siyosiy elitani adolatli tarzda shakllantirishning biron-bir vositasi ixtiro qilinmagan. Fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish amaliyoti shuni alohida ko‘rsatdiki, faqat siyosiy partiyalar vositasidagina shakllangan siyosiy elita ham davlat, ham jamiyat manfaatlari asosida faoliyat ko‘rsata olishga qodirdir.

 

Partiyalarning eng muhim funksiyalaridan biri, bu nafaqat o‘z a’zolari va o‘z tayanch bazasi bo‘lgan ijtimoiy qatlamning manfaatlarini ifodalash, balki ularning o‘z manfaatlarini anglash darajasiga erishishiga ham ko‘maklashishdir. Hech bir shaxsda siyosiy manfaatlar o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Buning uchun shaxs bilan partiya tashkilotlari o‘rtasida muloqot va munosabat bo‘lishi, shaxsning jamoat tashkilotlaridagi ishtiroki, shaxs faolligi uchun ijtimoiy-siyosiy kengliklar yaratilishi talab etiladi. Har bir shaxsning partiya tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishi uchun mazkur tashkilotlarda uning o‘z manfaatlarini ifodalanishi va amalga oshishiga ishonch ruhiyati shakllanishi talab etiladi.

 

Hali demokratik jamiyatda yashab ko‘rmagan, uzoq davrlar totalitar tuzum zulmi ostida bo‘lgan xalqlarda milliy, iqtisodiy va siyosiy manfaatlar namoyon bo‘lishi mumkin, lekin tashkillashgan siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlarisiz ularning siyosiy manfaatlarining shakllanishi qiyin kechadi. Buning asosiy sababi shundaki, insonning siyosiy ongi va qarashlari faqat uning guruhiy tashkilotlardagi faol ishtiroki natijasi o‘laroq shakllanishi mumkin. Binobarin, siyosiy ongi yetarli darajada shakllanmagan insonda biron-bir partiyada ishtirok etish uchun ehtiyojning o‘zi yo‘q. Ko‘rinib turibdiki, mamlakatdagi partiyalarning boshlang‘ich tashkilotlari yoki vakillari fuqarolarning yashash va ishlash joylarida faoliyat ko‘rsatmasa, saylovchilar dunyoqarashiga ta’sir eta olmasa, partiyalar o‘z vakolatlarini hayotga tatbiq eta olmaydilar.

 

Bundan qariyb 12-yil oldin, ya’ni 2008-yil 2-avgust kuni O‘zbekiston ekologik harakati tashkil topgan edi. Ayni paytgacha u o‘zining maqsad va vazifalarini to‘la amalga oshirdi. Lekin oradan shuncha vaqt o‘tib, tabiatda ham, jamiyatda ham qanchadan-qancha o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jiddiy islohotlar, jamiyatning barcha institutlariga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun yangicha yondashuv, yangi kuch talab etiladi.

 

Darhaqiqat, mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichidagi keyingi qadam sifatida O‘zbekiston ekologik harakati faoliyatida to‘plangan tajribalar asosida yangi siyosiy partiyani tashkil etish zarurati vujudga keldi. Shu bois 2019-yil 8-yanvar kuni mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim voqea sodir bo‘ldi. Shu kuni mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida yangi siyosiy kuch, O‘zbekiston Ekologik partiyasi ta’sis etildi.

 

Ushbu partiya oldingidek deputatlarni konferensiya a’zolari tomonidan saylab emas, balki bevosita saylovchilar tanlovi asosida vakillik hokimiyati organlarida boshqa partiyalar bilan sog‘lom raqobat asosida kurashib, muayyan o‘rinlarga ega bo‘lishi mumkin. Shu bois “siyosiy partiyalarning jamiyatda qanchalik mavqega ega ekanligini belgilovchi asosiy mezon bu, ularning davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘ladigan saylovlarda qanday natijalarga erishganligi hisoblanadi”.

 

Konstitutsiyamizning 60-moddasida Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar.  Bu qoidaning mavjudligi siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asosidir.

 

Siyosiy partiyani tuzishda konstitutsiyaviy normalarning ahamiyati katta. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi”, 34-moddasiga asosan, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek, hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas” kabi fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurishning demokratik qadriyatlari va tamoyillari shakllanishini ta’minlaydigan qonun va qoidalarning kiritilishi O‘zbekiston jamiyatining kelajak maqsadlarini belgilab berganligining huquqiy kafolatidir. Shulardan kelib shiqib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasida siyosiy partiyalarga birlashish huquqi konstitutsiyaviy maqomga ega.

 

Xulosa qilib aytganda siyosiy partiyalarining vujudga kelishi tarixi va ularning rivojlanish jarayoni tahlillardan jamiyatda mazkur institutga nisbatan ehtiyojning doimo oshib borganligini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa bugungi kunda ham partiyalar nazariyasini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda.Tahlillarga ko‘ra yaqin kelajakda partiyalarda jiddiy transformatsiya jarayoni yuz berishi ehtimoli yuqori. Bu esa o‘z navbatida jamiyatda yangicha qiyofadagi imkoniyatlari keng partiyalarning vujudga kelishga xizmat qiladi.

 

 

O.Sh.Bazarov, Qarshi muhandislik

iqtisodiyot instituti rektori

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur