O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1261 2023-yil 19-may
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish to‘g‘risida
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish hamda saylov jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy savodxonligini va saylov komissiyalari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Markaziy saylov komissiyasi) tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirishga qaratilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – respublika ishchi guruhi) 2-ilovaga muvofiq tuzilganligi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislaridan iborat yuqori malakali ekspertlar (keyingi o‘rinlarda – yuqori malakali ekspertlar) tarkibi shakllantirilganligi qayd etib o‘tilsin.
3. Markaziy saylov komissiyasining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi (X. Paluaniyazov) yuqori malakali ekspertlar bilan birgalikda:
saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini (maʼruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-dars va boshqalar) o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqsin hamda nashr etishga tayyorlasin;
Konsepsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan respublika va hududlarda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarning tasdiqlangan dastur hamda reja-jadvallar asosida, yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin.
4. Markaziy saylov komissiyasi doimiy asosda ishlovchi aʼzosi A. Ibodullayev Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bosh buxgalteri Sh. Umarov hamda Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori X. Paluaniyazovlar bilan birgalikda:
Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga ko‘maklashish uchun jalb qilingan yuqori malakali ekspertlar, respublika ishchi guruhi aʼzolari, shuningdek hududiy trenerlar uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularga uslubiy va amaliy ko‘mak berish hamda taʼlim sifatini monitoring qilishni tashkil etish maqsadida yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilaridan iborat tarkibda shakllantirilgan respublika trenerlari (keyingi o‘rinlarda – respublika trenerlari) bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzilishini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uchastka saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarini o‘qitish uchun oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlardan shakllantiriladigan hududiy trenerlar (keyingi o‘rinlarda – hududiy trenerlar) bilan okrug saylov komissiyalari o‘rtasida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzilishini;
yuqori malakali ekspertlar, respublika ishchi guruhi aʼzolari va respublika trenerlariga fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomada belgilangan to‘lovlar, shu jumladan respublika trenerlarining hududlarda tashkil etiladigan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarida ishtirokini taʼminlash uchun xizmat safari xarajatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, hududiy trenerlarga fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomada belgilangan to‘lovlar esa okrug saylov komissiyalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lanishini taʼminlasin.
5. Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati Moddiy-texnika taʼminoti bo‘limi (J. Faxrutdinov) Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi (X. Paluaniyazov) buyurtmasiga asosan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari ishtirokchilari uchun tegishli tarqatma materiallarni (o‘quv-uslubiy qo‘llanma, video-dars va boshqalar) belgilangan miqdorda chop etilishi (tayyorlanishi) va o‘rnatilgan tartibda hududlarga yetkazib berilishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari respublika ishchi guruhi bilan kelishilgan holda 2023-yil 22-mayga qadar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 3-ilovaga muvofiq tarkibda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – hududiy ishchi guruhlar) tuzsin hamda ularning respublika ishchi guruhi bilan uzviy hamkorligini taʼminlasin;
har bir tuman va shaharda 4-ilovaga muvofiq tarkibda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman/shahar ishchi guruhlarini tuzsin hamda ularning hududiy ishchi guruhlari bilan uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘ysin;
Konsepsiyada belgilangan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini respublika va hududiy ishchi guruhlar tomonidan tasdiqlangan reja-jadvallarda belgilangan vaqtda va joylarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida ularni tegishli binolar, xonalar, o‘quv mashg‘ulotlari uchun zarur jihozlar hamda transport vositalari bilan taʼminlasin;
o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan binolarda xavfsizlikni taʼminlash choralarini ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati (M. Alimbayev) bilan hamkorlikda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga oid videoroliklarni 2023-yil 27-mayga qadar tayyorlasin va respublika ishchi guruhiga yetkazib bersin.
8. Mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin va manfaatdor tashkilotlar eʼtiboriga yetkazilishi taʼminlansin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev