O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№ 1223 2023-yil 5-aprel
O‘zbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulletenining shakli va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18, 29, 30-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 16-moddasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida” 2023-yil 10-martdagi 3017-IV-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida” 2023-yil 14-martdagi SQ-702–IV-son qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga muvofiq referendum okrugi bo‘yicha ovoz beruvchilar sonini, shu jumladan referendum okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda ovoz berish byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi;
chop etish jarayonida yaroqsiz deb topilgan va ortiqcha chop etilgan ovoz berish byulletenlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining masʼul xodimi va ovoz berish byulletenini chop etuvchi tashkilotning kamida ikki nafar vakillari ishtirokida darhol yo‘q qilinadi hamda bu haqda dalolatnoma tuzilib, imzolanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
2023-yil 10-aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalaridagi ovoz beruvchilar soni haqidagi maʼlumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etsin;
2023-yil 19-aprelga qadar ovoz berish byulletenlari O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalariga yetkazib berilishini taʼminlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (X. Mamatov) chop etilgan ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalariga yetkazib berilishini taʼminlasin.
5. Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yetkazib berilgan ovoz berish byulettenlari o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olinishini, sifatli holda saqlanishini va qo‘riqlanishini taʼminlasinlar;
ovoz berish byulletenlarini referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalariga 2023-yil 17-aprelgacha referendum uchastkasidagi ovoz beruvchilar umumiy sonining 5 foizi miqdorida, 2023-yil 27-aprelgacha esa 95,5 foizi miqdorida tegishli tillarda taqsimlagan holda yetkazib bersinlar.
Bunda, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi oladigan ovoz berish byulletenlarining umumiy soni referendum uchastkasi bo‘yicha ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar sonidan yarim foizga ortiq bo‘lishi (100,5 foiz), biroq undan ko‘p bo‘lmasligi inobatga olinsin.
6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev