Sayt test rejimida ishlamoqda

YOSH SAYLOVCHILAR: YUKSAK E’TIBOR VA GʻAMXO‘RLIKNING AMALDAGI IFODASI

31.01.2023

1970

msk_yangiliklari_in

Yosh avlod vakillarining, ayniqsa, qishloq yoshlarining bilim olishi, ilm-fanga eʼtiborini kuchaytirish, axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun yanada keng sharoit yaratish doimiy eʼtibor talab qiladigan ustuvor vazifalardan biridir.

 

Yoshlarga oid davlat siyosatini tizimli va muntazam amalga oshirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilishga qaratilgan Yoshlar akademiyasi tuzildi. 830 dan ortiq oʻgʻil-qizlar manfaatlarini himoya qiladigan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

 

Yoshlar bilan bogʻliq masalalarni parlamentda muhokama qilish, parlament aʼzolarining yoshlar masalalariga alohida eʼtiborini kuchaytirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzurida “Yoshlar parlamenti” faoliyat olib bormoqda. Siyosiy platforma boʻlib xizmat qiluvchi bu maslahat organi yoshlarga parlament faoliyatini bevosita kuzatish, qonun ijodkorligi jarayoniga ularni jalb qilish, yoshlar orasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish, yigit-qizlarni oʻylantirayotgan muammolarni oʻzlari ishtirokida hal qilish, salohiyatli yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash va davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, yurt taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish va davlat boshqaruvidagi salohiyatini oshirishda muhim omil boʻladi.

 

Yoshlarga qaratilgan davlat siyosatini uzluksiz, samarali hamda zamon talablariga uygʻun tarzda amalga oshirish maqsadida qator hujjatlar qabul qilinmoqda. “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, jamiyat hayotining turli sohalarida yaratilayotgan sharoitlar, oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishi va hayotda oʻz oʻrnini topishiga qaratilgan, xususan, imkon qadar koʻp yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish, iqtidorli yosh mutaxassislarning nufuzli xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda bilim olishi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj yoshlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, kadrlarni tanlash va ularning malakasini oshirish kabi qator tadbirlar belgilangan.

 

Yoshlarning bandligiga koʻmaklashish va iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishga, ularni ilm-fanga keng jalb qilish, iqtidorli yoshlarning gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralar “Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi”dan ham oʻrin oldi.

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar — 2030” strategiyasidan kelib chiqib, yoshlarga oid davlat siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlarini belgilovchi Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham salohiyatli yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash va davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, mehnat bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash, ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar jamoat tashkilotlari va volontyorlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar oʻrin olgan. Bu tadbirlarning amalga oshirilishi yosh avlodda mustaqil ravishda qaror qabul qilish va oʻz masʼuliyati doirasida javobgarlik hissini yanada orttiradi.

 

Fuqarolarning siyosiy va huquqiy bilimini oshirish boʻyicha tizimli ishlarning olib borilishi ularning saylovlarda faol ishtirok etishiga turtki, oʻzlari uchun munosib tanlovni amalga oshirishda yordam beradi. Saylov institutlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan shakllantirilib boriladigan elektoral madaniyat jamiyat madaniyatining ajralmas boʻlagi. Yoshlarning siyosiy ongini rivojlantirish, saylov boʻyicha barqaror bilim va koʻnikmalar hosil qilishga qaratilgan tadbirlarda noanʼanaviy, yangi uslublarni qoʻllash, yoshlarni eʼtiborini jalb qila oladigan shakllardan foydalanish, innovatsion yondashuvlar asosida olib borish yuqori samara beradi.

 

Shu jihatlarni inobatga olgan Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi oʻquvchi va talabalarning saylov savodxonligini oshirish boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga olgan.

 

Saylov demokratik huquqiy davlatning muhim koʻrsatkichi, siyosiy-huquqiy qarorlar qabul qilish jarayonidir. Saylovda ishtirok etish saylov huquqiga ega har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqi, oʻz xohish-irodasini erkin bildirish orqali davlat va jamiyat ishlarida siyosiy masʼuliyatni namoyon qiluvchi muhim voqeadir.

Yoshlar ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarni harakatga keltiruvchi, hayotga yangi yoʻnalishlarni va texnologiyalarini kirituvchi kuchdir. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi yosh aholi soni koʻrsatkichi, oʻrtacha 27,6 yosh, bilan oldingi oʻrinda turadi. 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar aholining 60 foizini, shulardan saylov huquqiga egalari 33 foizga yaqinni tashkil etadi.

 

Fuqarolarning saylov huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi eʼtirof etilgan. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.

 

Yoshlarning davlat va jamiyat ishlariga keng jalb qilinishiga xizmat qiluvchi asoslardan biri 21 yoshga toʻlgan yigit-qizlar mahalliy kengashlarga, 25 yoshdan esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanish hamda Oliy Majlis Senati aʼzosi boʻlishi huquqi berilganidadir. 2019-yil milliy parlamentga boʻlib oʻtgan saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga 30 yoshgacha boʻlgan 14 nafar yosh nomzod koʻrsatilgan boʻlsa, ularning 9 nafari yoki 64,2 foizi deputat etib saylandi.

 

Yoshlarni saylov komissiyalari tarkibida faoliyat yuritishga jalb etish ham yuksak samarali vositalardandir. Buni 2019-yilda Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari aʼzolarining 144 nafarini (8,9 foiz) hamda uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining 20 394 nafarini (18,4 foiz) 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etganidan ham bilish mumkin.

 

Joriy yilda boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar 9 foizni, uchastka saylov komissiyalari aʼzolari esa – 17,3 foizini yoshlar tashkil etadi.

 

Bu — mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi yana bir ifodasidir.

 

Yoshlarning saylov instituti – saylovlarni kuzatishdagi faoliyati ularning davlat siyosiy hayotida ishtirok etishining bir koʻrinishidir. 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini kuzatish huquqiga ega. Bunday tajriba saylovga tayyorgarlik ishlarining sifati, saylov komissiyalari harakatlarining ketma-ketligi, saylov ishtirokchilari huquqlarining taʼminlanishi bilan shaxsan tanishib, kelgusida bu sohani yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda qoʻl keladi.

 

Yurtimizda saylov umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora oʻtkaziladi, yaʼni har bir ovoz inobatga olinadi hamda har bir saylovchi davlat hokimiyatining saylash orqali shakllanuvchi organlarining shakllanishiga oʻz hissasini qoʻshadi.

 

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolar saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. 18 yoshga toʻlgan yoshlarimiz jinsiy, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar saylash huquqiga egadir.

 

Saylov qonunchiligida ovoz berish kuni turli sabablarga koʻra yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun ovoz berish tartibi belgilangan.

 

Saylovchi saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmasa muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida boʻla olmasligining sabablari koʻrsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi va uni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida toʻldiradi.

 

Ayrim saylovchilar sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

 

Shuningdek, dunyoning turli davlatlarida boʻlib turgan vatandoshlar, shu jumladan yoshlarning saylov huquqlarini amalga oshirish ham eʼtibordan chetda qolmagan.

 

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 37 davlatda 54 ta uchastka saylov komissiyasi tuzildi.

 

Chet davlatlarda yashab turgan yoshlarimiz Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida saylovdan kamida oʻn besh kun oldin yozma shaklda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

 

Buning uchun Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida elektron shaklda murojaat qilish imkonini beruvchi interaktiv xizmati yaratildi.

 

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha jarayonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va ularning saylovoldi platforma hamda dasturlarida belgilangan dolzarb sohalar haqida oʻz vaqtida boxabar boʻlishlari, bularning ommaviy axborot vositalarida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib borishi yosh saylovchilarga oʻzlarining va Vatan kelajagi uchun muhim qarorni qabul qilishiga sharoit yaratadi.

 

Bu kabi maʼlumotlarni tezkor ravishda xabardor qilish uchun www.saylov.uz ; sayti yangilandi, “saylov2021.uz” portali, “saylov2021” mobil ilovasi ishga tushirildi.

 

Saylov qonunchiligidan fuqarolarning saylov huquqlarini sudda himoya qilish tartibi belgilangan, unga koʻra saylov komissiyalari, davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin. Sud shikoyatni 3 kun ichida, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan boʻlsa, darhol koʻrib chiqadi.

 

Eʼtiborli tomoni, sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshirilishi va darhol ijro etilishi belgilangan.

 

Yoshlarning saylov jarayonlarida nafaqat saylovchi, balki nomzod yoki saylov institutlari ishtirokchisi sifatida qatnashishi bu sohani batafsil oʻrganish va uning ahamiyatini tushunish, siyosiy qarashlarini shakllantirish va fikr almashish, tajriba orttirish va uni oʻz faoliyatida qoʻllashga xizmat qiladi.

 

Kamola ARSLONOVA,

Xalmuxammed PALUANIYAZOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi Kotibiyat xodimlari

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur