MARDLIK VA MATONAT MEZONLARI

27.01.2023

12616

msk_yangiliklari_in

Agar bir imoratni qismlarga ajratib qaraydigan boʻlsak, uning poydevori betondan, sinchi yogʻochdan, devori pishiq gʻishtdan, tomi taomilga koʻra yopilgan boʻlsa – binoning mustahkam ekaniga imon keltiramiz. Chunki mezonlar xuddi mana shunday xulosa berishimizga asos boʻladi. Mabodo mana shu qiyosimizni insonning mardlik va matonat singari fazilatlariga nisbatan qoʻllasak-chi! Bunda bu xislatlarning metin kabi mustahkamligini qaysi oʻlchovlarga asoslanib xulosa qilishimiz mumkin?

 

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

 

Xudoyor MAMATOV,

yuridik fanlari doktori, professor

 

MARDLIK VA MATONAT MEZONLARI

 

Agar bir imoratni qismlarga ajratib qaraydigan boʻlsak, uning poydevori betondan, sinchi yogʻochdan, devori pishiq gʻishtdan, tomi taomilga koʻra yopilgan boʻlsa – binoning mustahkam ekaniga imon keltiramiz. Chunki mezonlar xuddi mana shunday xulosa berishimizga asos boʻladi. Mabodo mana shu qiyosimizni insonning mardlik va matonat singari fazilatlariga nisbatan qoʻllasak-chi! Bunda bu xislatlarning metin kabi mustahkamligini qaysi oʻlchovlarga asoslanib xulosa qilishimiz mumkin?

 

Albatta bu masala jiddiy tahlilni talab qiladi. Zotan, qadimda ham allomalar bu mavzu ustida bosh qotirganlar. Insonga xos bu tuygʻularning mohiyatini anglashga harakat qilganlar. Bu borada koʻplab asarlar yaratilgan, qarashlar bayon etilgan. Masalan, kishining hayotiga xavf tugʻilsa va u oʻzini himoya qilish maqsadida mardonavor kurashsa – uni tom maʼnoda mard va matonatli odam deb boʻlmaydi. Chunki bu jarayonda or-nomus, burch, vatanparvarlik singari xislatlar deyarli ishtirok etmaydi. Bunday vaziyatda har qanday kishi ham boʻy bermaslik harakatida boʻladi. Axir boʻsh kelsa, hayoti barbod boʻlishi turgan gap. Biroq bu yoʻqotish bir muddatli achinish hissiga arziydi xolos. Yoki: “Mol-mulkda mosuvo boʻlish, hattoki jondan judo boʻlish achinarli yoki ayanchli emas! – deydi qadimgi Rim faylasuflaridan biri Epiklet. – Agar inson oʻzining haqiqiy mulki, chinakam bisoti – oʻz insoniy qadr-qimmatini yoʻqotsa, bu achinarli va ayanchlidir!”

 

Basharti kishining mardligi va matonati – hayoti el-yurt muhofazasi uchun garovga tikilgan taqdirdagina namoyon boʻladi. Bu yoʻlda chekkan zahmatlari, tortgan azob-uqubatlari jasorat sanaladi. Zero, inson uchun bu dunyoda eng muqaddas tushunchalar mavjud. Shulardan biri – Vatan! Uning qamrovi shu qadar kengki, unga jamiki qadriyatlar jo boʻladi. Vatanparvarlik esa uning xizmatida boʻlish, koriga yarash, zarurat tugʻilsa, hattoki jonni fido qila bilish demakdir. Negaki, kishining vatani, – oʻzi tugʻilib oʻsgan, kindik qoni tomgan, mehnati va uning mahsulini tatigan, oʻzi mansub xalqning oʻtmishi poyidor, ota-bobolarining xoki barqaror – tarixan tarkib topgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-madaniy hudud hisoblanadi. Ruscha patriotizm degan soʻz ham baayni shu maʼnoni anglatadi, sababi uning oʻzagi (lotincha – patria) ona yer, vatan degan soʻzlardan tashkil topgan.

 

Oʻtgan shoʻrolar tuzumi tanazzulga uchrab, sobiq ittifoqdosh respublikalar oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy va madaniy aloqalar zil ketgach, qariyb bir asrdan beri amalda boʻlgan mafkura keraksiz matohga aylanib qoldi. Aholi ongida boʻshliq paydo boʻldi. Vatan, vatanparvarlik singari tushunchalarga yuzaki bir qarash tarkib topa boshladi. Bu esa katta avlod vakillarini chinakamiga tashvishlantirgani, ijodkor insonlarni bong urishga undagani bor gap. Oʻtgan asrning 90-yillari Moskva televideniyesidan bot-bot bir ijtimoiy rolikni namoyish qilishardi. Oʻsha davr yoshlarining soxta vatanparvarlik tuygʻusi zaharxanda qilingan mazkur rolikda, davlat chegarasini buzib, mamlakat hududiga suqilib kirgan chet el josusi, oʻrmon yoʻlida mototsiklli bir yigitni toʻxtatadi.

 

– Menga qara, harbiy bazaga qanday borsam boʻladi? – deb soʻraydi u ajnabiylar lahjasida, oʻzining qoʻporuvchilik missiyasini oshkor qilishdan sira choʻchimay. – Aytsang, evaziga saqich beraman! – Yigitchaga yaltiroq qogʻozli xorijning saqichini koʻz-koʻz qiladi u. Shundoq ham ostida yangi rusumli mototsikl, egnida eng soʻnggi fasondagi liboslar, ogʻzida saqich chaynab turgan yigit astoydil jahllanadi. Bu josus uni kim deb oʻylayapti? Axir u bitta saqich deb vatanini sotadigan ahmoq emas! Vataniga boʻlgan tuygʻusi bilan josusni tong qoldirgan yigitcha, uloviga gaz bosadi. Bir oz yurib toʻxtaydi.

 

– Ey, josus! – deydi unga tomon oʻgirilib. – Keyingi gal kelganingda videomagnitafon ola kel – oʻshanda gaplashamiz!

 

Shunga oʻxshash yana bir latifanamo voqea. Sitrusli mevalarini sotish uchun Moskvaga uchgan kavkazlik amaki, samolyot salonida gʻala-gʻovur qoʻpgani bois uygʻonib ketadi. Bilsaki, samolyotni terrorchilar egallab, Turkiyaga tomon burmoqchi boʻlib turgan ekanlar. “Shunga shunchami? Unga farqi nima – qayerda boʻlsa ham mevalarini sotsa boʻlgani!” Yana bamaylixotir pinakka ketgan amaki tuyqus bir tuygʻudan sapchib oʻrnidan turib ketadi: “Turkiyada sitrusli mevalarning narxi qancha?”

 

Turkiyada apelsin va mandarinning bahosi suv tekin ekanini eshitib jazavaga tushadi. Samolyotning kursini oʻzgartirib boʻlmasligini anglab yetadi. Bosqinchilarga tashlanib ularni mahv etadi...

 

Binobarin, biror kishi faqat oʻzini himoya qilib kurashga kirsa, buni qoʻrquv yoki majburiyat yuzasidan qilgan boʻladi: oʻlishdan choʻchigani yoki yashab qolish uchun oʻzini shunga majbur qiladi – burch degan tushunchaga aloqasi yoʻq. Shuning uchun ham mazkur falsafiy kategoriyaga birinchi boʻlib ilmiy taʼrif bergan Demokrit, “kishi qoʻrqqani yoki majburiyat yuzasidan emas, burchli ekani sabab ayrim nojoʻya ishlarni qilishdan tiyilishi yoki ezgulikning himoyasidan chekinmasligi lozim”, deb taʼkidlagan. Fransuz mutafakkiri P.Golbax esa, burch – kishining oʻz baxtidan ajratib boʻlmaydigan majburiyati ekanini qayd etgan.

 

Mana shu oʻrinda ulugʻ bobokalonlarimiz, yovqur bahodir Spitamen, Jaloliddin Manguberdi va Najmiddin Kubroning vatanparvarlik jasorati koʻz oldimizda gavdalanadi. Har uchala bobomizning mardligi va matonati tom maʼnodagi vatanparvarlikning oliy koʻrinishi deyishimizga arziydi. Sababi, ular yov qarshisida yaloqxoʻrlik qilmaganlar. Oʻz huzur-halovatini oʻylab murosa yoʻlini tutmaganlar. Binobarin, moʻgʻul qoʻshinlari Xorazm zaminiga moʻru malaxdek yopirilib kelgan chogʻlari, Chingizxon Kubro hazratlariga xufya odam joʻnatib, unga boʻlgan cheksiz hurmatini izhor etadi. Xorazm tuprogʻini tark etib, tinch oʻlkalarga bosh olib ketishini maslahat beradi. Biroq, Najmiddin Kubro buning kabi “gʻamxoʻrlik”ka rad javobini beradi. Agʻyorning aldovlariga uchmaydi, undovlariga unamaydi: “Yo vatan mustaqilligi yoki sharafli oʻlim!” – deb, jangga kirib, dushman bilan kurashadi. Erksiz yashagandan koʻra, vatan mustaqilligi yoʻlida shahid boʻlishni afzal biladi.

 

Shu sabab Spitamenning xiyonat tufayli kesilgan boshini barkashga solib kelganlarida Aleksandr Makedonskiy yigʻlab yuborgan. Shunday er yigitning oʻlim topganidan qaygʻurgan. Raqibini shohona dafn etishga buyurgan. Chingizxon esa, boʻysunmas botir Jaloliddinning ortidan havas bilan boqib: “Bundan buyon oʻgʻil farzand koʻrsangiz, ismini Jaloliddin qoʻyinglar!” – degan ekan.

 

Shu bois ham, gap vatanparvarlik haqida ketganda or-nomus, shaʼn, qadr-qimmat singari tushunchalarga kishini mardlik va matonatga undaguvchi umuminsoniy qadriyatlar sifatida qaraladi. Bashariyat uchun gʻoyatda tahlikali boʻlgan mushkul vaziyatlarda masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan kishigina haqiqiy yurtparvar, elparvar ekanligi namoyon boʻladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti­, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yoʻllagan bayram tabrigida: “Milliy armiyamizning kuch-qudrati azm-u shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bagʻrikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz. Ishonchim komilki, ana shunday buyuk maʼnaviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch raxna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytara olmaydi. Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – oʻzining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, koʻkda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast oʻgʻlonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, deb taʼkidlaganlari besabab emasligi ayon boʻladi. Harakatlar strategiyasiga hamohang mamlakatimizning iqtisodiy bazasini va huquqiy asoslarini mustahkamlash, aholi ongida milliy gʻoya, mustaqillik mafkurasini qaror toptirishga boʻlgan saʼy-harakatlari zamirida ulkan maʼno borligini anglab yetamiz.

 

Zotan, davlatimiz rahbari har chiqishlarida, nutqlarida oʻzlikni anglash masalasiga, oʻz tarixini bilish, undan faxrlanish – yoshlarda vatanparvarlik, iftixor tuygʻusini shakllantirish, ularning zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun barcha shart sharoitlarni yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratadilar.

 

Shu oʻrinda shahrisabzlik jangchi shoir Sharofjon Orifiyning oʻz vaqtida mashhur boʻlgan hajman mittigina bir sheʼri yodga tushadi. “Oʻqsiz toʻpponcha” deb nomlangan oʻsha asar jang chogʻi oʻqsiz toʻpponcha bilan dushman asir olingani haqida edi. Aslida, tish-tirnogʻigacha qurollangan fashist qurol qarshisida emas, shoirning vatanga boʻlgan muhabbati, dushmanga cheksiz nafrati – mana shu qudratli kuch qarshisida ojiz qolgan edi, degan xulosa kelib chiqardi sheʼrdan.

 

Keyingi toʻrt yilda mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalasiga juda katta eʼtibor qaratilgani, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tubdan isloh qilinib, milliy armiyamizning zamonaviy qiyofasiga asos solingani ulkan voqeadir. Qoʻshinlarimizning jangovarlik holati yaxshilanib, harbiy xizmatchilar tarkibida sifat oʻzgarishlari roʻy bergani ham maʼlum. Davlatimizning birorta ham harbiy bloklarda ishtirok etmayotgani, qoʻshilmaslik siyosatini yuritib kelayotgani harbiy sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiyalashtirish jarayonlari faqatgina mamlakat tinchligini saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini taʼminlashga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yoʻllagan bayram tabrigida taʼkidlanganidek, “Biz bundan toʻrt yil oldin Oʻzbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha eng muhim va ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Oʻtgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta koʻrib chiqildi, qoʻshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika vositalari bilan taʼminlash boʻyicha oʻta muhim loyihalar amalga oshirildi. Tariximizda birinchi marta oʻz mohiyatiga koʻra noyob tizim – harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tan-u bir jondir” degan ulugʻ gʻoyani amalda taʼminlashga xizmat qilmoqda. Ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati boʻlmoqda. Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi”.

 

Basharti, geosiyosat maydonida kimoʻzarga “uloq chopayotgan” mamlakatlar yangidan-yangi qirgʻin qurollarini ishlab chiqarib, oʻzgalar koʻngliga vahima solish maqsadida uni namoyish etishga tushgan ayni pallada, ham jismonan, ham maʼnan chiniqish maktabini oʻtagan xalq farzandlari bundan aslo choʻchimaydilar. Chunki, ular kim ekanliklarini, qanday ulugʻ avlodga mansublikligini, tarixan bu el shonli oʻtmish sohibi ekanini teran anglaydilar. Vatan sarhadlarida turgan posbonlarimiz ortga bir qadam ham chekinib boʻlmasligini, chegaralar daxlsizligini taʼminlashga burchli ekanliklarini chuqur his etadilar.

 

Tabiiyki, inson qayerda dunyoga kelsa oʻsha yer uning uchun qadrli Vatandir. Kindik qoni toʻkilgan joy inson uchun hech narsaga alishib boʻlmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli dargohdir.

 

Hattoki, Allohning elchisi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham oʻz davrida Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida orqalariga oʻgirilib, Makkai mukarramaga qarab:

 

“Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hech ham oʻz ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan boʻlar edim”, — deganlar.

 

Tarixdan maʼlumki, birorta millat boshqa bir millatni tahqirlamoqchi, yoki oyoqosti qilmoqchi boʻlsa, avvalo, uning vatanini bosib olib, vayron qilgan yoki uni vatanidan quvib chiqargan.

 

Oʻz vatanini dushmanlar qoʻlida qolganini koʻrgan millat uchun bundan ortiq xoʻrlik va azob boʻlmasa kerak. Zero, Vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir.

 

Xalqning boshiga ogʻir kun kelganda jonini saqlash uchun vatanni tashlab qochish insoniylikka toʻgʻri kelmaydi. Xalqimizda “oʻzga yurtda shoh boʻlguncha oʻz yurtingda gado boʻl”, degan hikmatli soʻz ham bor. Oʻz huzur halovatini oʻylab, oʻzgalarni unutgan kishi hech qachon ona vataniga, xalqiga nisbatan sadoqatli boʻlolmaydi.

 

Zotan, ortda Vatan bor! Maʼnaviyatli insonlar esa bu soʻzning zamirida nechogʻli muqaddas maʼnolar mavjudligini biladilar. Uni hech kimga oyoq osti qildirib qoʻymaydilar. Binobarin, insoniy or-nomus, shaʼn, qadr-qimmat singari qudratli qurolga ega qalb har qanday tashqi taʼsirlarga dosh bera oladi – qulamaydi. Zotan, Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʻz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir.

 

Shunday ekan, xalq eng avvalo – Vatan himoyasidek gʻoyat masʼuliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli oʻgʻlonlariga suyanadi va ular bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur