Joylarda hududiy trenerlar uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda

29.05.2023

3102

msk_yangiliklari_in

Respublikamizning barcha viloyatlarida joriy yilning 29-30-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 19-maydagi “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi 1261-son qarori bilan tasdiqlangan “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi”ga muvofiq, 104 nafar respublika trenerlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida 944 nafar hududiy trenerlar uchun ikki kunlik o‘quv-dasturiga asosan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. 

O‘tkazilayotgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida har bir guruhda tinglovchilar soni 20-22 nafardan taqsimlandi. Mashg‘ulotlar reja-jadvali respublika ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Taʼkidlash joizki, mashg‘ulotlar tasdiqlangan reja-jadvalga to‘la amal qilgan holda sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishida hududiy ishchi guruhlar bilan birgalikda respublika trenerlari masʼul sifatida belgilangan.

Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida, Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat yuqori malakali ekspertlar tomonidan o‘quv rejalariga muvofiq maʼruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar ko‘rinishidagi o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlangan bo‘lib, mashg‘ulotlar mazmuni ushbu o‘quv-uslubiy materiallarga asoslangan.

Mashg‘ulotlar davomida malakali ekspertlar tomonidan tayyorlangan “Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanma” asosida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari va ularning vakolatlari”, “Saylovchilar ro‘yxatlari bilan ishlash”, “Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash va muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyaning saylov kunidagi faoliyati”, “Saylov uchastkasida ovozlarni sanab  chiqish va natijalarni belgilash” va “O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyaning saylov jarayoni ishtirokchilari (OAV, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga masʼul idoralar vakillari) bilan hamkorligi” mavzularda darslar interaktiv usullarda o‘tkazilmoqda.

O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlaridan ko‘zlangan maqsad saylovni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda xalqaro saylov standartlarini hamda milliy qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha saylov komissiyalari aʼzolari hamda boshqa tashkilotchilar salohiyatining yuksalishiga, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarining mustahkamlashga erishish hisoblanadi.

Ikki kunlik seminarlar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va ko‘nikmalari test orqali sinovdan o‘tkaziladi.

O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining keyingi bosqichi respublika trenerlarining nazorati ostida 944 nafar hududiy trenerlar tomonidan joriy yilning 2–13-iyun kunlari tuman-shahar markazlarida saylov uchastkalari uchun mo‘ljallangan binolarda 33 mingga yaqin uchastka saylov komissiyasi aʼzolari (uchastka saylov komissiya raisi, o‘rinbosari va kotiblari) uchun ikki bosqichda tashkil qilinadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur