O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1434 2025-yil 25-mart
Mahalliy Kengashlar deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga saylovni o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejani tasdiqlash to‘g‘risida
Mahalliy Kengashlarning bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylov o‘tkazilishini tashkil etish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 26 va 93-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Mahalliy Kengashlar deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga saylovni o‘tkazish bo‘yicha kalendar reja (bundan buyon matnda Kalendar reja deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Kalendar rejada ko‘rsatilgan saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi tegishli munosabatlar “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
3. Markaziy saylov komissiyasi a’zosi X.Paluaniyazov Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi bilan birgalikda hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi a’zolari uchun Kalendar rejaning mazmun-mohiyati va o‘ziga xos jihatlarini tushuntirishga doir qisqa muddatli seminarlarni tashkil etilishini ta’minlasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar saylov komissiyalari, shuningdek saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonunchilik, shuningdek Kalendar rejaga muvofiq tarzda amalga oshiriladi.
5. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini qo‘llash tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga saylovni o‘tkazishga doir tadbirlarni belgilash tavsiya etilsin.
7. Ushbu qaror nusxasi saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar va boshqa tegishli tashkilotlarga yuborilsin.
8. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev