O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi
 
 
33-modda. Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar
 
 
 
Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, shuningdek boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi.
 
 
Manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan ma’lum qiladi.
 
 
Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
 
 
Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
 
 
saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;
 
 
nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning va siyosiy partiyalarning (vakillarining) saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
 
 
saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
 
 
ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;
 
 
saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;
 
 
agar tegishli saylov uchastkasida ushbu Kodeksning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilish.
 
 
Kuzatuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
 
 
saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;
 
 
fuqarolarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;
 
 
saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;
 
 
saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.
 
 
Kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasini xabardor qilishi kerak.