Joriy yilning 6-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda MSK aʼzolari, ommaviy axborot vositalari hamda siyosiy partiyalar vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining aʼzolari ishtirok etdi.
Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga olish, Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasining Prezident saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAVlarini akkreditatsiyadan oʻtkazishga oid masalalar oʻrin oldi.
Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi 5-iyun kuni siyosiy partiyalardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olgan edi.
Ishonchli vakillar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi, uning saylanishi uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
Saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingandan soʻng uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi. Nomzodning ishonchli vakillariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Shundan kelib chiqqan holda, majlis davomida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulugʻbek Ilyasovich Inoyatovning, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudovaning hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevning ishonchli vakillari roʻyxatga olindi.
Shuningdek majlisda, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilindi va tegishli Nizom tasdiqlandi.
“Call-center”ning asosiy vazifasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida fuqarolar bilan real vaqt rejimida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, saylov komissiyalari faoliyati, saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishning barcha bosqichlari haqida toʻliq va ishonchli axborotni fuqarolarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish orqali yetkazish, shuningdek, saylovchilarning ovoz berish va murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlari soʻzsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish, fuqarolarning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirishdan iborat.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YXHT DIIHBning 12 nafar saylovni kuzatuvchi missiyasi vakillari MSKning qarori bilan akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, 39 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 139 nafar vakili akkreditatsiya qilindi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 229 nafarni tashkil etmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati