O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yangi saylangan deputatlari ro‘yxatga olindi

31.10.2024

7395

msk_yangiliklari_in

2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovining o‘ziga xos jihatlaridan biri – saylovchilarning fuqarolik mas’uliyati va daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda jami 15 mln 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz berdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 74,72 foizini tashkil etadi.

 

 

Fuqarolarimizning Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovlari jarayoniga qiziqishining sezilarli darajada oshgani barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazilgan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yaqqol sezildi.

 

Shuningdek, parlament saylovlarida aralash saylov tizimining joriy etilishi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, jamiyatimizdagi demokratik muhitga yangi quvvat bag‘ishlagani saylovoldi tashviqoti davomida yaqqol namoyon bo‘ldi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 31-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Saylov kodeksiga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va bir mandatli saylov okruglaridan saylangan 75 nafar hamda yagona saylov okrugidan partiya ro‘yxati asosida saylangan 75 nafar, jami 150 nafar deputatlar ro‘yxatga olindi.

 

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalari bo‘yicha:

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 26 ta;

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta;

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta;

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta;

 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.

 

 

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan 75 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 38 nafar;

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 15 nafar;

 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 9 nafar;

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 7 nafar;

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 6 nafar deputat etib saylandi. 

 

Deputatlikka nomzodlarga va partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 64 ta o‘rin yoki 42,7 foiz;

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 29 ta o‘rin yoki 19,3 foiz;

 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 21 ta o‘rin yoki 14 foiz; 

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 20 ta o‘rin yoki 13,3 foiz;

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 16 ta yoki 10,7 foiz o‘rin egalladi.

 

 

Majlisda qayd etilganidek, Qonunchilik palatasiga saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi.

 

Qonunchilik palatasiga yangidan saylangan deputatlarning sifat tarkibi quyidagicha:

 

Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etib, bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

 

Deputatlarning 2 nafari – 30 yoshgacha, 38,6 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 46,6 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 13,3 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.

 

Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari saylangan deputatlarning 12,7 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 5 nafari rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafari koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz millatiga mansub.

 

Deputatlarning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 15 foizi xorijiy davlatlarda tahsil olgan.

 

Ularning 30 foizi – iqtisodchilar, 22 foizi – huquqshunoslar, 18,7 foizi – pedagoglar, 12 foizi – muhandislar, 9,3 foizi – tibbiyot sohasi vakillari, 8 foizini esa – madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etadi.

 

Deputatlarning 35 foizi ilmiy darajaga ega.

 

Ilk bor 3 nafar nogironligi bor shaxslar deputat etib saylandi.

 

Hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ham mahalliy Kengashlar saylovlarining yakunlari chiqarildi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tarkibi 59,2 foizga yangilandi.

 

Yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil qildi.

 

Deputatlarning 4 foizi – 30 yoshgacha, 39,5 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 40,8 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 15,7 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.

 

Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari saylangan nomzodlarning 11,2 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 175 nafari tojik, 111 nafari qozoq, 33 nafari turkman, 29 nafari rus, 21 nafari qirg‘iz va boshqa millatga mansub.

 

 

Deputatlarning 93,3 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 36,2 foizi – pedagoglar, 18,2 foizi – iqtisodchilar, 13 foizi –muhandislar, 7,6 foizi – shifokorlar, 5 foizi – huquqshunoslar, 20 foizini – madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etadi.

 

Nomzodlarning 4,4 foizi ilmiy darajaga ega.

 

138 nafar nogironligi bor shaxslar mahalliy Kengashlar deputati etib saylandi.

 

Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashga oid masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasining

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur

  • AMINJONOV DOSTON AMINJON O‘G‘LI

    Deputatlarning ro‘yxatini elon qilingizlar

  • ABDULLAYEVA ROZA ISAKJANOVNA

    Список зарегистрированных новоизбранных депутатов