O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi umumiy saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etmoqda

09.04.2024

2178

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan, mamlakat Xalq assambleyasi (parlamenti)ning 22-tarkibini belgilaydigan umumiy saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etmoqda.

 

Koreyadagi parlament saylovlarini kuzatishda 27 ta davlatdan 58 nafar saylov organlari, shuningdek, saylov masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.

 

 

Joriy yilning 5-aprel kuni Xalqaro kuzatuv dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar Janubiy Koreyaning amaldagi saylov tizimi, uning shakllanish va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

Xalqaro kuzatuv dasturi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi 5-6-aprel kunlari Seul shahridagi saylov uchastkalarida bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini kuzatishda ishtirok etdi. Milliy saylov komissiyasi (MSK)ning ma’lumotlariga ko‘ra, juma va shanba kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida saylov huquqiga ega bo‘lgan 44,2 mln. saylovchilarning 31,2% yoki 13,8 mln. nafari ovoz berishda ishtirok etgan. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Janubiy Koreyada ilgari hech qanday muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etish ko‘rsatkichlari o‘ttiz foiz chegarasiga yetmagan.

 

     

 

8-aprel kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 2024-yilgi saylovlar bo‘yicha Seul xalqaro forumida ishtirok etdi.

 

Koreya MSK har yili bahorda mazkur xalqaro forumga mezbonlik qilib keladi. Komissiya bu sohadagi mutaxassislarni saylovlarni boshqarish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish, fikr almashish va butun dunyo bo‘ylab saylovlarni qanday qilib shaffof, adolatli va yaxshiroq o‘tkazishni muhokama qilish uchun taklif qiladi. Forum siyosiy qutblanish va zamonaviy saylov jarayonlarida sun’iy intellektning o‘rni masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar doirasida tashkil etildi.

 

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi va Koreya Milliy saylov komissiyasi raisi o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Z. Nizamxodjayev Koreya MSKga saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etish taklifi va informativ suhbat uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston saylov qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

 

 

Hamkasblar 2016-yil 6-fevralda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum doirasida saylov kampaniyalarni tashkil etish va o‘tkazish tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki mamlakat markaziy saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

 

Koreya Milliy saylov komissiyasi rahbari  Te-ak Ro O‘zbekiston delegatsiyasiga parlament saylovini xalqaro kuzatuv dasturida bevosita ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan alohida hamkorlik aloqalar mavjudligidan mamnunligini ta’kidladi. U Komissiyalar o‘rtasida o‘zaro munosabatlar va hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirish istagida ekanligini bildirib o‘tdi.

 

 

Xalqaro kuzatuv dasturi doirasidagi tadbirlar 12-aprelga qadar davom etadi.

 

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur