“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga yetkazish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida siyosiy o‘quv-seminar tashkil qilindi.
Unda Xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyati mudiri A.Abdurahmonov, Markaziy saylov komissiyasi o‘quv markazi direktori o‘rinbosari R.Isamutdinov, Adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari, deputatlar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Seminarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qabul qilish zaruriyati va kutilayotgan natijalar, saylov va referendum qonunchiligiga kiritilishi nazarda tutilayotgan normalar, qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning mojaritar va proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining ahamiyati xususida ma’ruzalar qilindi.
Ta’kidlanganidek, Loyihada Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, Saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovini aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibini kiritish taklif etilmoqda. Shunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.
Tadbirda saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar hamda referendumga oid qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.
Qizg‘in munozaralar asosida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.