MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING REFERENDUMIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH BO‘YICHA MAJLISI

16.03.2023

3278

msk_yangiliklari_in

 

 

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlisi Senatining 14-martdagi qarorlariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi 2023-yil 30-aprel – yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining yuqoridagi qarorlari hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi 15-mart kuni matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga yuklatilgan.

Shu bois, 2023-yil 16-mart kuni Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kalendar rejasini tasdiqlash, referendum okruglarini tuzish, referendum xarajatlar smetasini tasdiqlash, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malaka oshirishini tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

1. Joriy yil 30-aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda majlisda O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kalendar rejasi tasdiqlandi.

Kalendar reja referendum jarayonini qonun talablariga rioya qilgan holda to‘g‘ri va samarali tashkil etish, mavjud kuch va imkoniyatlarni oqilona taqsimlash va safarbar etishni taʼminlaydi.

Kalendar rejaning yana bir muhim vazifasi – referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha harakatlarni barcha referendum tashkilotchilari tomonidan sifatli bajarilishini taʼminlash hisoblanadi.

2. Majlis kun tartibiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi okruglarini tuzish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari chegaralari doirasida 14 ta okruglar tashkil etildi.

3. Kun tartibidagi navbatdagi masala – referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasi ham muhokama etildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, 2019-yilda vakillik organlari saylovi uchun 230,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Joriy yilda o‘tkaziladigan referendumni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 182,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

4. O‘zbekiston Respublikasi referendumining milliy qonunchilikka mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun referendum komissiyalari aʼzolari hamda referendum jarayoni ishtirokchilarining bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini taqozo etadi.

Taʼkidlash joizki, 2022-yilda Markaziy saylov komissiyasi Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlagan edi. Mazkur hujjat asosida respublikamizning barcha hududlarida referendum jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi.

Majlisda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘qitish jarayonlarining navbatdagi bosqichini amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilindi.

5. Siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etish, OAVlar bilan hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda mazkur Markazning nizomi tasdiqlandi.

Matbuot markazida tajribali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan guruhlar faoliyat olib boradi.

Matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 1-uyda (Maʼrifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosida) o‘z faoliyatini olib boradi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur