Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olindi hamda 22-sentyabrdan saylovoldi tashviqotiga start berildi

20.09.2024

23918

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Ma’lumki, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkaziladi.

 

Bu yil parlamentning qo‘yi palatasiga saylanadigan bir yuz ellik deputatning yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita aniq bir nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq saylanadi. Qolgan, yetmish besh nafari esa, yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati (ya’ni partiya ro‘yxati) asosida saylanadi.

 

 

 

Majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

 

Shunga ko‘ra, beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.

 

 

Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar partiya ro‘yxatidagi nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, milliy saylov tajribamizda ilk marotaba beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi.

 

Xususan, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 850 nafar nomzodlar, ya’ni barcha saylov okruglarida nomzodlar to‘liq ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi.

 

Bunda, “E-saylov” interaktiv portalining ishga tushgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

Majlisda qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tariximizdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

 

 

Avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 47,2 yosh. Ulardan 44,2 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 44,3 foizi – 45-60 yoshdagilardir. Nomzodlar orasida eng yoshi 25 yosh.

 

Nomzodlarning 99,3 foizi oliy ma’lumotli.

 

Nomzodlar orasida iqtisodchilar – 20,2 foiz, pedagoglar – 27,9 foiz, muhandislar – 7,9 foiz, shifokorlar – 9,1 foiz, huquqshunoslar – 16,5 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 18,4 foizni tashkil etadi. 

 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ham ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlariga har bir partiyadan nomzodlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, deputatlik mandati uchun 28 475 nafar nomzodlar kurash olib boradi.

 

Nomzodlarning 42,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlari deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 44,4 yoshni tashkil etib, ulardan 54,9 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 36,4 foizi – 45-60 yoshdagilar bo‘lib, viloyat Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 24 yosh. Tuman Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 21 yosh.

 

Nomzodlarning 90,3 foizi oliy ma’lumotli.

 

Nomzodlar orasida pedagoglar – 36 foiz, iqtisodchilar – 15,8 foiz, muhandislar – 9,6 foiz, shifokorlar – 9,4 foiz, huquqshunoslar – 3,3 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 25,9 foizni tashkil etadi.

 

Mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham nomzodlar orasida bor. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirg‘iz, 67 nafari rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.

 

Nomzodlarni ko‘rsatishda siyosiy partiyalar inklyuzivlikka ham alohida e’tibor qaratganini kuzatish mumkin. Jumladan, Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 11 nafar va mahalliy Kengashlar saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud. Bunday yuqori darajadagi inklyuzivlik birinchi marotaba kuzatilmoqda.

 

“E-saylov” interaktiv portali orqali barcha darajadagi saylovlar bo‘yicha ro‘yxatga olingan 29 350 nafar deputatlikka nomzodlarning mobil telefonlariga ular tegishli vakillik organi saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinganliklari, “E-saylov” tizimi yordamida ishonchli vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi va saylovoldi tashviqoti boshlanishi va muddatlari to‘g‘risida xabarnomalar yuboriladi.

 

 

Bundan tashqari, majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

 

Qaror bilan Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

 

Shuningdek, saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbati ketma-ketligida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari belgilandi. Unga ko‘ra:

 

birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan davlat markaziy va hududiy teleradiokanallari hamda gazetalarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida bepul efir vaqti hamda nashr maydoni hajmi ajratildi.

 

Xususan, respublika darajasidagi “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallarida va “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” radiokanallarida siyosiy partiyalarga tashviqot ishlarini olib borish uchun bepul efir vaqtlari ajratildi.

 

Shu bilan birga, majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2 iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish bo‘yicha nizomga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish masalalari tartibga solinganligi alohida ta’kidlandi.

 

Tadbirda qayd etilganidek, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar:

 

– sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tashviqot materiallarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatishi;

 

– har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmasligi;

 

– biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek boshqa shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanilganda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilishi lozim.

 

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati hamda Matbuot markazi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda saylovoldi tashviqoti monitoringini olib boradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur

  • SULTANOV OLIM AXMEDOVICH

    2024 yil saylovidagi deputatlikka nomzodlarning avtobiografiyasining elektron varianti xech qaerda yo'q, biron bir saytda yo'q

  • AXMEDOV AZAMAT INXOMOVICH

    Milliy Tiklanish

  • TURSUNOVA BAXTINISO HASANOVNA

    Shikoyat ariza Assalomu alaykum Hurmatli Deputatlar meni dardim oģir sizlardan iltimos meni Norboyeva Tanzila Komolovnani qabuliga kirishimga amaliy yordam berishlaringizni òtinib sòrayman. Hurmat bilan Tursunova Baxtiniso Hasanovna. Tel:+998902805284