Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 7-8-dekabr kunlari Ostona shahrida Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.
8-dekabr kuni Qozogʻiston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligida raqamli hukumat masalalari, jumladan, saylovlarda qoʻllaniladigan dasturlar, saylov jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirishga qaratilgan taqdimot boʻlib oʻtdi.
Tadbirning ikkinchi qismida Qozogʻiston MSK, Falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik milliy instituti, M. Narikbayev nomidagi QOZDYUUning Ilmiy ekspertiza va tahlil instituti, Ostona xalqaro universitetining Jinoyat huquqi va jinoyat protsessual huquqi muammolarini oʻrganish institutlari tomonidan hozirgi davrda saylov tizimining rivojlanishi masalalari boʻyicha monografiya, “Qozogʻiston Respublikasida saylovlar toʻgʻrisida”gi Qozogʻiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga sharh, saylov va referendumlar boʻyicha maʼlumotlar toʻplami (2012–2013 yy.) hamda onlayn glossariylarga bagʻishlangan taqdimotlar namoyish qilindi.
Tantanali tadbirlar davomida Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Qozogʻiston Markaziy saylov komissiyasi raisi N. Abdirov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
N. Abdirov Oʻzbekiston delegatsiyasiga yubiley tadbirda ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat saylov organlari oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona munosabatlar Markaziy saylov komissiyalari oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolanishi bilan tasdiqlanganini alohida taʼkidladi. U saylov sohasidagi hamkorlikni yanada samarali rivojlantirish va tajriba almashishga umid bildirdi.
Shu bilan Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasining Ostonaga tashrifi yakunlandi.