Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish kunlari va vaqti belgilandi

08.10.2024

4120

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 8-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishlarini tashkil qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar, xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Majlisda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun 2024 yil 16-23-oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

 

 

Muddatidan oldin ovoz berish kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar davom etishi belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshirilishi belgilab berildi.

 

 

Saylov kodeksi va “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘zining barcha konstitutsiyaviy huquqlarini, jumladan saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga oid qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan.

 

Joriy yil 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 11 nafar va mahalliy Kengashlarga 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan.

 

 

Shuningdek, saylov komissiyalari tarkibida 1 343 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyat ko‘rsatib kelayotganligi bo‘lajak saylovlarda ular uchun teng imkoniyatlar yaratilganligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

 

Bundan tashqari, bo‘lajak saylovlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengroq ta’minlash maqsadida 830 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan saylovchilarga ko‘mak beruvchi volontyorlar biriktirilmoqda.

 


 

Bugungi majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z saylov huquqlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida saylov byulletenlarini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosidagi trafaret namunasini tasdiqlash, saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari, optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda qo‘shimcha yoritkichlar o‘rnatish hamda saylov uchastkasiga mustaqil ravishda bora olmaydigan saylovchilarning saylov kuni turgan joylarida ovoz berishini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

 

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasining 19 nafar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Rossiya va Xitoydan 2 nafardan, AQSHning 3 nafar hamda Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Fransiya, Hindiston va Yaponiyaning 1 nafardan vakillari, jami 36 nafar xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

 

Majlis davomida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur