Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 26-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzishga oid masala ko‘rib chiqildi.
Saylov kodeksiga muvofiq, partiya ro‘yxati asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi.
Shunga ko‘ra, majlisda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan “E-saylov” axborot tizimi orqali yuborilgan taqdimnomaga asosan Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 39 ta chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tuzilishi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalari Toshkent shahri hududiga biriktirildi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati