Saylovlarni kuzatish uchun xalqaro tashkilotlarning vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi

23.09.2024

1996

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 23 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Yangilangan saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘tkaziladigan bu yilgi davlat vakillik organlari saylovlariga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning qiziqishi nihoyatda yuqori bo‘lmoqda.

 

Xususan, saylovlarni kuzatish uchun 50 ta davlatdan 400ga yaqin, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi 21 ta xalqaro tashkilotlarning qariyb 500 nafarga yaqin, 26 ta xorijiy davlatlar saylov komissiyalarining 60 nafar, jami 1 000 nafardan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

 

 

Ta’kidlash kerakki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan O‘zbekistonga saylovlarni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli katta Missiyasini, ya’ni tarkibida asosiy guruh, uzoq muddatli va qisqa muddatli jami 350 nafarga yaqin kuzatuvchilar bilan ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

 

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi saylovlarga bo‘lgan katta qiziqishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganligidan dalolat beradi.

 

 

Shunga ko‘ra, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlarida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasi qarori qabul qilindi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, MDH Parlament Assambleyasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi kabi xalqaro tashkilotlardan yuborilgan kuzatuvchilarning bir qismi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Hozirda kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazmoqchi bo‘lgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar o‘z davlatlaridan turib “E-Saylov” axborot tizimiga kirishi hamda belgilangan namunadagi ma’lumotlarni elektron tarzda kiritib, ko‘rib chiqish uchun yuborish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

 

Jarayonning e’tiborli jihatlaridan yana biri akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy kuzatuvchilarning mandatlari ham tizim orqali avtomatik tarzda elektron shaklda mutlaqo yangi ko‘rinishda shakllanadi.

 

 

Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasi huzurida Tezkor axborot berish markazini – “Call-center”ni tashkil etish va uning nizomni tasdiqlash to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi. “Call-center” orqali fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni markazlashtirilgan holda qabul qilib, ularga real vaqt rejimida huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar berib boriladi.

 

“Call-center”ning asosiy vazifalari saylov kampaniyasi davrida fuqarolar bilan real vaqt rejimida muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga saylov komissiyalarining faoliyati, saylov jarayonining bosqichlari haqidagi to‘liq va ishonchli axborotni yetkazish, fuqarolarning saylash hamda murojaat qilishga doir huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi uchun zarur sharoitlar yaratish hamda ularning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirish kabilardan iborat bo‘ladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur