Saylov organlari o‘rtasida Hamkorlik protokoli imzolandi

24.02.2024

4618

msk_yangiliklari_in

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi MSK Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida yagona ovoz berish kunida bo‘lib o‘tadigan deputatlar saylovi kuzatuvida ishtirok etmoqda.

 

2024-yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘rtasida Hamkorlik protokolini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlik protokoli ikkala komissiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Hamkorlik doirasida bir qator yo‘nalishlar ko‘zda tutilgan. Shu jumladan, saylov va referendum tashkilotchilarining professional darajasini, saylovchilar va referendum ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirish, saylov va referendum subyektlarining tashviqot olib borish bo‘yicha huquqlarini ta’minlash, saylov va referendumni moliyalashtirish ishlarini tashkil etish, zamonaviy saylov hamda boshqa axborot texnologiyalari va uskunalarini yaratish va foydalanish.

Hamkorlikni rivojlantirish o‘z ichiga ilmiy va amaliy tadqiqotlar natijalari bilan o‘rtoqlashish, saylov va referendumlar bo‘yicha mutaxassislar almashish, saylov va referendumlarni kuzatish hamda seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, yig‘ilishlar, davra suhbatlari va ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan masalalarda boshqa tadbirlarni tashkil etishni qamrab oladi.

Bu O‘zbekiston MSK uchun mazkur turdagi dastlabki hujjat emas. O‘zbekiston MSK tomonidan so‘nggi yillarda umumiy maqsad va tamoyillarga sheriklik asosida qator saylov organlari va assotsiatsiyalar bilan hamkorlik aloqalariga rasmiy maqom berib kelmoqda.

Jumladan, Koreya, Latviya, Litva, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Malayziya va tarkibida 110 ta davlatlarning 119 ta saylov organlarini birlashtirgan Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi va Osiyoning 20 ta davlatlarini o‘z ichiga olgan Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi bilan birgalikda hamkorlik memorandumlari va kelishuvlari imzolangan.

Shuningdek, O‘zbekiston MSK Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashining tashkil etilishining tashabbuskori bo‘lgan.

“Hamkorlik protokolining imzolanishi O‘zbekiston va Belarus saylov organlarining kelgusida yanada mustahkam aloqalarni qurishga imkon beradi. Bir-birimizga zarur tashkiliy, texnologik, uslubiy va boshqa ko‘mak ko‘rsatish orqali yaqindan hamkorlik qilishga umid qilaman” – dedi Z. Nizamxodjayev.

 

Shu kunning o‘zida MSK Raisi Z.Nizamxodjayev Belarus MSK Axborot markazining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur