MSK vakillari xalqaro o'quv seminarida ishtirok etdi

03.06.2026

191

msk_yangiliklari_in

2026-yil 25–29-may kunlari Nyu-Dehli shahrida, Hindiston xalqaro demokratiya va saylov boshqarish instituti (IIIDEM) bazasida «Saylov jarayonida xatarlarni boshqarish va barqarorlik» mavzusidagi xalqaro o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbir IIIDEM tomonidan xalqaro International IDEA tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Seminar ishida Osiyo, Afrika, Yevropa va Okeaniyaning 12 davlatidan saylovlarni boshqarish organlari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini MSK Kotibiyati rahbari A.Ro‘ziyev va yetakchi maslahatchi L.Ismoilov vakil sifatida ishtiroq etdi.

 

Xalqaro o‘quv seminarining asosiy maqsadi saylov boshqaruv organlari vakillariga xatarlarni boshqarish va saylov jarayonining barqarorligini ta’minlash sohasidagi ko‘nikma va bilimlarini takomillashtirish uchun o‘qitish va malaka oshirish imkoniyatini yaratishdan iborat edi.

 

Tantanali ochilish marosimida ishtirokchilarga Hindiston saylov tizimining yuqori martabali vakillari: Hindistonning Bosh saylov komissari G.Kumar, IIIDEM bosh direktori R.Kumar Verma, shuningdek Hindiston Saylov komissiyasining komissarlari murojaat qildi.

 

 

 

Hindistonning Bosh saylov komissari G.Kumar ishtirokchilarni Hindiston saylov jarayonlari bilan tanishtirdi, seminar mavzusi doirasida barcha ishtirokchilar bilan suhbat o‘tkazdi va ularning savollariga javob berdi.

 

Besh kunlik dastur davomida MSK vakillari saylov xatarlarini boshqarish metodologiyasini — jumladan, xatarlarni aniqlash, baholash va tahlil qilish, ularga munosabat bildirish va barqarorlikni ta’minlash usullarini, shuningdek saylov sharoitida inqiroz boshqaruvini o‘rgandilar. Alohida sessiyalar idoralararo hamkorlik, dezinformatsiya va kiberhujumlarga qarshi kurash, saylov jarayonlarida gender sezgirligi va inklyuzivlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

 

Seminar interaktiv va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish metodikasiga asoslandi. Ekspert sessiyalari tematik tadqiqotlarni tahlil qilish va turli mamlakatlar tajribasini qiyosiy o‘rganish bilan uyg‘unlashtirildi.

 

   

 

Dastur doirasida o‘zbek delegatsiyasi vakillari Agra shahridagi saylov uchastkasida ham bo‘lib, u yerda Hindiston saylov tizimi sharoitida saylovchilarni ro‘yxatga olish va ovoz berish tashkilotining amaliy jarayonlari bilan bevosita tanishdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi vakillarining bunday xalqaro o‘quv tadbirlarida ishtiroki saylov jarayonida xatarlarni boshqarish borasidagi xalqaro standartlar va tavsiyalardan xabardor bo‘lish imkonini beradi, bu esa saylovlar sifatini oshirishga va demokratik institutlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur