O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI RAISI BOSHCHILIGIDAGI DELEGATSIYANING XALQARO KUZATUVDA ISHTIROKI TO‘G‘RISIDA

04.03.2025

549

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2025-yil 2-mart kuni bo‘lib o‘tgan Tojikiston Respublikasi Majlisi Olining quyi palatasi – Madjlisi namoyandagonga navbatdagi saylovlariga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatishda ishtirok etdi.

 

Tojikiston Respublikasi Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi tomonidan 231 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ular orasida MDH Missiyasi (tarkibida MDH PA, KXSHT PA, Belarus va Rossiya Ittifoqi Parlament Assambleyasi va MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilar guruhi), SHHT va ikki tomonlama hamkorlik doirasida Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston markaziy saylov organlari va xorijiy mamlakat kuzatuvchilari bor edi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida MSK a’zolari, Kotibiyat xodimlari, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining hududiy saylov komissiyalari vakillari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari ishtirok etdilar.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Z.Nizamxodjayev Tojikiston Respublikasi Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi raisi B.Xudoyorzoda bilan uchrashdi. Uchrashuvda parlament saylovlariga tayyorgarlik va ularni o‘tkazish jarayoni haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi okrug saylov komissiyalariga tashrif buyurdi.

 

 

2-mart kuni – ovoz berish kunida, delegatsiya a’zolari o‘z xalqaro missiyalari doirasida Dushanbe va uning atrofidagi saylov uchastkalariga tashrif buyurdilar.

 

Majlisi Namoyandagonga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Quyi palata 63 nafar deputatlarning 22 nafar yagona saylov okrugidan partiyaviy ro‘yxat asosida, 41 nafar bir mandatli saylov okruglaridan saylanadi.

 

 

 

Saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Tojikiston Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi tomonidan yagona umumrespublika saylov okrugi, 41 ta bir mandatli saylov okrugi va okrug komissiyalari hamda 3 513 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.

 

 

 

 

Mamlakat fuqarolarining xorijda ovoz berish huquqini amalga oshirish maqsadida 28 davlatda 36 ta saylov uchastkasi tuzildi. Bu saylov uchastkalari Tojikiston Respublikasi Madjlisi namoyandagonga saylov o‘tkazish bo‘yicha Shohmansur №3 bir mandatli hududiy saylov okrugiga biriktirildi, chunki mamlakat tashqarisida alohida saylov okruglari tashkil etilmaydi.

 

Ovoz berish jarayoni ertalab soat 6:00 dan kechki 20:00 gacha davom etdi.

 

 

 

3-mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Tojikiston Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unda mamlakat parlamenti quyi palatasi saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilindi.

 

 

E’lon qilinishicha, 5 522 038 nafar saylovchidan 4 712 967 nafari ovoz bergan, bu esa saylovchilarning 85,3 % ni tashkil etgan.

 

 

    

Yagona umumrespublika saylov okrugida siyosiy partiyalar ro‘yxati bo‘yicha Tojikiston Agrar partiyasini 21% saylovchi, Tojikiston Demokratik partiyasini 5,1%, Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasini 12,7%, Tojikiston Sotsialistik partiyasini 5,3%, Tojikiston Xalq Demokratik partiyasini esa 51,9% saylovchi qo‘llab-quvvatladi. Tojikiston Kommunistik partiyasi 1,9% ovoz oldi, bu 5 % dan kam bo‘lgani uchun u deputatlik mandatidan mahrum bo‘ldi. Barcha siyosiy partiyalar ro‘yxatiga qarshi ovozlar soni 50 895 nafarni tashkil etgani xabar qilindi.

 

Shuningdek, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovda ishtirok etgan partiyalar olgan mandatlar soni ham e’lon qilindi: Agrar partiya 5 ta, Demokratik partiya 1 ta, Iqtisodiy islohotlar partiyasi 3 ta, Sotsialistik partiya 1 ta va Xalq Demokratik partiyasi 12 ta deputatlik mandatiga ega bo‘lishdi.

    

 

 

Tojikiston qonunchiligiga muvofiq, parlament saylovlarining yakuniy natijalari parlament saylovlarida ovoz berish kunidan boshlab kamida 14 kundan kechiktirmay e’lon qilinishi kerak.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur