O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillarining Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan umumiy saylovlar kuzatuvida ishtiroki to‘g‘risida

12.04.2024

2198

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreya Xalq Assambleyasi (parlamenti)ga joriy yilning 10-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumiy saylovlarning xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi.

 

Avval xabar qilinganidek, Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro dastur tashkil etilgan bo‘lib, unda 27 ta davlatlardan saylov organlari, shuningdek, saylov masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning jami 58 nafar vakillari ishtirok etdi.

 

9-aprel kuni saylovni kuzatish bo‘yicha xalqaro dastur ishtirokchilari Koreya Milliy saylov komissiyasi huzuridagi Demokratiya uchun Koreya fuqarolik ta’limi instituti faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

 

Institut 1996-yilda tashkil etilganidan buyon saylov bo‘yicha mas’ul xodimlar, mutaxassislar va saylov bo‘yicha ekspertlarni tayyorlash va malakasini oshirish, aholining siyosiy ongini va saylovoldi faolligini yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.

 

 

 

Shu kunning o‘zida Dastur doirasida ishtirokchilar Koreya Milliy saylov komissiyasida bo‘lib, uning samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, muddatidan oldin ovoz berish, xorijda ovoz berish, saylov kuni ovoz berish jarayonlarini monitoring qilish bo‘yicha vaziyat markazlari faoliyati bilan tanishishdi. Bu yerda Dastur ishtirokchilariga dastlabki ovoz berish jarayonida va ovoz berish kuni saylov uchastkalarining faoliyati, saylov organlari tomonidan qo‘llaniladigan texnik vositalar namoyish etildi. MSK mutaxassislari Dastur ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.

 

 

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi vakillari 10-aprel kuni, ya’ni ovoz berish kunida Seul shahridagi bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib, u yerda saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berishni tashkil etish, shuningdek, ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini bevosita kuzatishga muvaffaq bo‘ldilar.

 

Koreya Respublikasi qonunchiligiga muvofiq saylov uchastkalari faqat ovoz berishni tashkil etadi, saylov qutilarini ochish, byulletenlarni saralash va ovozlarni sanab chiqish esa saylov uchastkalari biriktirilgan ovozlarni sanash markazlarida amalga oshiriladi. Ushbu ovozlarni sanash markazlariga o‘z okrugidan tashqarida muddatidan oldin ovoz berish paytida ovoz bergan saylovchilarning byulletenlari ham sanoq uchun keltiriladi. 

 

 

 

 

Milliy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning faolligi 67 foizni (29,7 mln. saylovchi) tashkil etdi, bu parlament saylovlarida so‘nggi 32-yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mamlakat parlamenti aralash saylov tizimi bo‘yicha – 300 o‘rindan 254 tasi majoritar tartibda, 46 tasi esa proporsional vakillik tizimi bo‘yicha shakllanadi.

 

 

   

 

11-aprel kuni MSK ovoz berish natijalarini e’lon qildi. Shu kunning o‘zida MSK tomonidan xalqaro kuzatuvchilar uchun konferensiya tashkil etildi, unda har bir ishtirokchi dastur natijalari bo‘yicha o‘z fikr va xulosalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur