Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar va murabbiylar!
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi nomidan barchangizni xalqimizning sevimli bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan, samimiy tabriklayman.
Davlatimiz rahbari alohida taʼkidlaganlaridek, har bir inson hayotda erishgan barcha yutuqlarining zamirida qadrdon oʻqituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi. Shu bois ushbu qutlugʻ ayyomda hammamiz bizga ilm oʻrgatgan, hayot sabogʻini bergan jonkuyar, fidoyi oʻqituvchi va murabbiylarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan taʼzim qilamiz.
Yangi Oʻzbekistonda oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, taʼlim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 30-aprel kuni yuksak muvaffaqiyat bilan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining referendumida xalqimiz tomonidan qabul qilingan yangilangan milliy Konstitutsiyamizda bunday yuksak eʼtibor va ulkan gʻamxoʻrlik yanada yorqin ifodasini topdi.
Asosiy qonunimizning 52-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.
Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi Bosh qonunimizda qatʼiy mustahkamlab qoʻyildi.
Ushbu umumxalq bayrami kunlarida oʻqituvchilar, murabbiylar, tarbiyachilar – bir soʻz bilan aytganda - pedagoglar mamlakatimiz milliy saylov tizimining eng jonkuyar faollari ekanini yana bir bor minnatdorlik bilan taʼkidlashdan mamnunmiz.
Jumladan, 2023-yili oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasining referendumida okrug komissiyalarining tarkibida pedagoglar qariyb 39 foizni, uchastka komissiyalari safida esa 52,7 foizni tashkil etgani buning yaqqol dalilidir.
Mamlakatimizdagi fidoiy oʻqituvchilar va murabbiylarni, barcha yurtdoshlarimizni ushbu shodiyona kun – 1-oktabr bayrami bilan chin dildan muborakbod etish bizga alohida mamnuniyat bagʻishlaydi.
Eng avvalo, ona Oʻzbekistonimizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, ustozlarimizning, barcha yurtdoshlarimizning hayotidan, xonadonidan hech qachon fayzu baraka, quvonch arimasin. Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlar taʼlim-tarbiyasi yoʻlida olib borayotgan ibratli faoliyatingizda yuksak muvaffaqiyatlar va omadlar yor boʻlishini tilaymiz.
Zayniddin NIZAMXODJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi
Raisi