MSK ishchi guruhi tomonidan hududlarda oʻrganishlar olib borildi

28.09.2023

25314

msk_yangiliklari_in

2023-yil 28-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Video-konferensiya shaklida oʻtkazilgan majlisda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlariga saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda Saylov kodeksi normalarining bir xil tarzda qoʻllanilishi, shuningdek, saylov jihozlarining saqlanish holatini oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.


Taʼkidlash joiz, Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhi hududlarda saylovlar amaliyotini oʻrganish va tahlil qilish maqsadida 5-21-sentabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Samarqand viloyatlarining bir qator shahar va tumanlari hamda Toshkent shahrida boʻlishdi. Oʻrganish natijalari boʻyicha saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish, saylov jihozlarini saqlanishini taʼminlash holati tegishli saylov komissiyalari aʼzolari, mahalliy hokimliklarning mutasaddi vakillari bilan birgalikda tahlil qilindi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi hamda ularga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatildi.

Xususan, ishchi guruh tomonidan tahliliy oʻrganishlardan soʻng Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalariga Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar asosida saylov komissiyasi Reglamentiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish hamda ijrosini yoʻlga qoʻyish, boʻshab qolgan oʻrinlarga saylovni oʻtkazishda alohida chora-tadbirlar rejasi (Kalendar reja)ni ishlab chiqish, tasdiqlash va ushbu rejaga qatʼiy amal qilgan holda saylovni oʻtkazish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida komissiyalarning ish joyi va qabul vaqti toʻgʻrisida aholiga eʼlonlar berib borish, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini ochish choralarini koʻrish yuzasidan tavsiyalar berildi.


Shundan kelib chiqib, majlisda oʻrganish natijalari komissiya aʼzolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va saylov komissiyalarning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur