MSK delegatsiyasining xalqaro kuzatuv dasturidagi ishtiroki

15.04.2026

255

msk_yangiliklari_in

12-aprel kuni Vengriyada mamlakatning Davlat majlisi – bir palatali parlamentiga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston MSK delegatsiyasi rais o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligida parlament saylovlari xalqaro kuzatuv dasturida ishtirok etdi.

 

Vengriya Milliy saylov byurosi 879 nafar xalqaro kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Ular qatoriga YEXHT DIIHB (253 nafar), YEXHT Parlament Assambleyasi (134 nafar), Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (37 nafar) hamda saylovlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi qator xalqaro nodavlat tashkilotlar vakillari kirdi. Shuningdek, xalqaro kuzatuv dasturida Avstriya, AQSH, Hindiston, Kosovo, Ozarbayjon, Moldova, Latviya, Litva, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina, Xorvatiya va Estoniya saylov organlari vakillari ham ishtirok etishdi.

 

Qonunchilikka muvofiq, parlament saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish Vengriya Milliy saylov komissiyasi zimmasiga yuklatilgan. 106 ta okrug saylov komissiyasi va 10 048 ta uchastka saylov komissiyasi, jumladan 149 ta xorijiy uchastka komissiyalari tashkil etildi. Uch bosqichli saylov komissiyalari tizimining har bir bo‘g‘ini tegishli komissiyalar faoliyatini ta’minlovchi ma’muriy apparatga ega: Vengriya Milliy saylov byurosi, okrug (97 ta) va uchastka (1 250 ta) saylov byurolari.

 

Milliy saylov byurosiga tashriflar chog‘ida xalqaro kuzatuvchilarga saylovlarga tayyorgarlik va ularni o‘tkazishga oid barcha yo‘nalishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etildi.

 

 

Milliy saylov byurosi prezidenti Attila Nad, shuningdek, Ma’lumotlarni himoya qilish va axborot erkinligi bo‘yicha milliy idora hamda Ommaviy axborot vositalari va infokommunikatsiyalar bo‘yicha milliy idora vakillarining taqdimotlarida saylov jarayonini ma’muriy boshqarish, xalqaro kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish, saylov huquqi va saylov jarayoni bo‘yicha axborot tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylov tashkilotchilarini o‘qitish va saylov axborot tizimi faoliyatini nazorat qilish masalalari yoritildi.

 

   

 

Ovoz berish kuni arafasida O‘zbekiston MSK delegatsiyasi navbatdagi brifingda Vengriya Milliy saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu yerda komissiya Prezidenti Robert Shashvari hamda xalqaro aloqalar va matbuot bo‘limlari rahbarlari taqdimotlari tinglandi. Shuningdek, saylovchilarni ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Jumladan, siyosiy partiyalar va siyosiy koalitsiyalar tomonidan nomzodlar ro‘yxatini yagona saylov okrugi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi, okrug saylov komissiyalari qarorlari va harakatlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, ovoz berish natijalarini aniqlash hamda parlament saylovlari yakunlarini belgilash jarayonlari haqida axborot taqdim etildi.

 

Qayd etilganidek, Vengriyada parlament saylovlarida majoritar va proporsional qismlar mustaqil amal qiladigan aralash saylov tizimi qo‘llaniladi. Ushbu tizimga ko‘ra, 106 ta deputatlik mandati bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha nisbiy ko‘pchilik asosida, yana 93 ta mandat esa yagona saylov okrugi bo‘yicha proporsional tizim asosida taqsimlanadi, bunda kompensatsion mandatlar qisman bilvosita taqsimlanadi.

 

Saylanish huquqi 18 yoshdan boshlab beriladi. Nikohdan o‘tgan shaxslarga esa saylovlarda ishtirok etish huquqi 16 yoshdan beriladi. Markazlashtirilgan saylovchilar ro‘yxatiga 8 114 688 nafar saylovchi kiritilgan bo‘lib, ulardan 90 730 nafari xorijdagi saylovchilar va 496 286 nafar sirtdan (pochta orqali) ovoz bergan saylovchilarni tashkil etdi.

 

Nomzodlar siyosiy partiyalar, siyosiy koalitsiyalar va mustaqil nomzodlar tomonidan bir mandatli hamda yagona saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatiladi.

 

   

 

Xalqaro kuzatuv dasturi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari saylov uchastkalariga saylov hujjatlari va inventarlarni taqsimlash markaziga tashrif buyurdilar. Jami Budapesht shahri bo‘yicha 16 ta bir mandatli okrug va 1 500 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan.

 

Ovoz berish kuni (mahalliy vaqt bilan soat 06:00 dan 19:00 gacha) delegatsiya a’zolari saylov uchastkalarining ochilishi, kun davomida ovoz berish jarayoni va ovozlarni sanashni kuzatdilar. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi saylovchilarning oraliq ishtirokini e’lon qilish tadbirlarida ham ishtirok etdi.

 

   

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillarining xorijiy davlatlardagi saylovlarni xalqaro kuzatish dasturlarida ishtirok etishi xalqaro saylov standartlari va demokratik qadriyatlarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur