Bugun, 27-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Pokiston Senatidagi “Pokiston-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi a’zosi Irfan Ulhak Siiddiqiy senatorlar guruhi, Ozarboyjon Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mazaxir Panaxov, Xitoy xalq Respublikasi elchisi Sun Litsze boshchiligidagi Xitoy xalq Respublikasi Tashqi ishdar vazirligi kuzatuvchilar guruhi, Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Xudoyorzoda Baxtiyor, Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Gulmurat Muradov hamda Pokiston saylov komissiyasi Raisi Sultan Moxammadlar boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida saylovga tayyorgarlik va bugun mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan saylovning qizg‘in jarayonlari,uning bosqichlari, saylov qonunchiligidagi o‘zgarishar va yangiliklar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, respublikamiz vaqti bilan soat 8:00 da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarining saylovi boshlangani, butun mamlakatimiz bo‘ylab hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuzilgan 11 ming 28 ta saylov uchastkalari o‘z ishini boshlagani qayd etildi.
Mehmonlar mamlakatimiz saylov qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanisharkan, ayni yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. O‘tayotgan mazkur saylov ham xalqaro demokratik tamoyillarga to‘laqonli javob berishiga ishonch bildirdi.
Xususan, Pokiston Senatidagi “Pokiston-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi a’zosi Irfan Ulhak Siiddiqiy: “Fuqarolarning faolligi jarayonlarning yaxshi tashkillashtirilganini ko‘rsatadi. Ishonchim komilki, yangi o‘zgarishlar bilan o‘tkazilayotgan yangi saylov tizimida xalq faol qatnashib, o‘zlari munosib ko‘rgan vakilga ovoz berishadi. Yangi saylov tizimidagi gender tengligi, aniqroq aytganda, deputatlikka nomzodlar orasida ayollar ulushi 30% dan 40%ga oshirilgani juda ahamiyatli. Chunki dunyodagi rivojlangan davlatlarda ham bunday ko‘rsatkich yo‘q.” – deya ta’kidladi.
Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazaxir Panaxov: “Ertalabdan qator saylov uchastkalarining kuzatishga muvaffaq bo‘ldik. Jarayonlar juda yaxshi tashkillashtirilgan. Barcha tashkiliy ishlar Saylov kodeksiga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Aytishim joiz, xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tayotgan saylovlar uning shaffofligi va oshkoraligini ta’minlashga xizmat qiladi.”
“Biz bir fikrni ta’kidlab o‘tmoqchimiz – saylovlar yuqori saviyada tashkil etildi. Biz nafaqat saylovlarni kuzatish, balki saylovni o‘zimizda ham ilg‘or usullarni joriy etgan holda tashkil etish amaliyotini o‘rganishga chaqiramiz”, — dedi Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Xudoyorzoda Baxtiyor. Saylov uchastkalarini saylov texnikasi bilan ta’minlash, uchastka komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish ishlarini ijobiy baholab, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari, deputatlikka nomzodlar to‘g‘risida keng ma’lumotlar mavjudligini alohida qayd etdi.
Ta’kidlash joiz, kuzatuvchilar missiyalari a’zolari va xorijiy delegatsiyalar vakillari respublikamizning turli hududlardagi saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatib bormoqda.