MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING NAVBATDAGI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

19.04.2023

2355

msk_yangiliklari_in

Bugun, 19-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasining video-konferensiya shaklidagi navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ayrim vazirlik va idoralar vakillarining axborotlari, referendumda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda, referendumni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish borasida qator vazirliklar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga doir axborotlari tinglandi. Xususan, Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot kommunikatsion texnologiyalarning soz holatda bo‘lishi, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini uzluksiz ishlashini taʼminlash, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligining O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida MSK qarori ijrosini taʼminlash va uni amalga oshirish, Energetika vazirligining okrug va uchastka komissiyalari binolarini uzluksiz elektr taʼminoti bilan taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida axborotlari tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasining referendumida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSKning qarori bilan MDH, MDH PA, YXHT DIIHB, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlardan hamda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Quvayt, Hindiston kabi xorijiy mamlakatlardan jami 258 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 103 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 24 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 778 nafarni tashkil etmoqda.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur