Markaziy saylov komissiyasi Raisi Qashqadaryo viloyatidagi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi

11.10.2024

821

msk_yangiliklari_in

Bugun 11-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini yuqori saviyada tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

 

Tashrif dastlab Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi hamkorligida tashkil etilgan “Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabi ochilish marosimida ishtirok etishdan boshlandi.

 

 

   

 

Shundan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi Raisi 300 dan ortiq yosh saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda ishtirokchilarga saylov qonunchiligiga oid yangiliklar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari, ilk bor o‘tkaziladigan aralash saylov tizimi, uning afzalliklari, saylov jarayonlarida o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari haqida keng ma’lumot berildi. 

 

 

 

 

Uchrashuvlarda ishtirokchilar saylov qonunchiligi va jarayonlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

Tashrif davomida viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyati, komissiya a’zolari hamda hududiy matbuot markazi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

 

 

   

 

Hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan bo‘lgan suhbat davomida saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ayni kunlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

 

 

Ta’kidlab o‘tilganidek, viloyatda saylovlarni qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq holda o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, viloyat hududiy saylov komissiyasi, 2 ta shahar va 14 tuman, 60 ta okrug hamda 1038 ta uchastka saylov komissiyalari tomonidan tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Saylov jarayonlarini milliy saylov qonunchiligiga mos tarzda, bahamjihat tashkil etish uchun saylov komissiyalari a’zolari hamda saylov ishtirokchilarining bilim va ko‘nikmasini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bir necha bosqichda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur

  • RAXMONOV BAXODIR MUSTOFOYEVICH

    431