Markaziy saylov komissiyasi majlisi to‘g‘risida axborot

02.07.2024

1167

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 2-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning asosida qabul qilingan 2023-yil 18-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun talablaridan kelib chiqib, shuningdek, saylovlar jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, huquqni qo‘llash amaliyoti va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi tahlili asosida ishlab chiqilgan Markaziy saylov komissiyasining bir qator normativ-huquqiy hujjatlarini tasdiqlashga oid masalalar ko‘rib chiqildi. 

 

Majlisda, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi ham ko‘rib chiqildi va muhokama etildi.

 

Mazkur Nizom saylov komissiyalari tomonidan ovoz berish binosini jihozlash, saylovchilarning ro‘yxatlarini shakllantirish, saylov byulletenlari bilan ta’minlash, ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish hamda saylov natijalarini aniqlash tartibi bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq va batafsil belgilangani bilan ahamiyatlidir.

 

E’tiborli jihati shundaki, bundan oldin ushbu normalar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan bir qator normativ hujjatlarda belgilangan edi, saylov komissiyasi a’zolari va saylov jarayoni ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida deputatlar saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish yaxlit nizom sifatida ishlab chiqildi.

 

Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, Nizom bilan  jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, uchastka saylov komissiyasining saylov kuni ovoz berish boshlanishidan oldingi harakatlari, ovoz berish tartibi, saylovchining turgan joyida ovoz berishini tashkil etish, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari, proporsional saylov tizimi asosida hudud (okrug) bo‘yicha saylov natijalarini va siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarni aniqlash kabi masalalar alohida huquqiy mexanizmlar bilan tartibga solingan.

 

Shuningdek, majlisda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Konstitutsiyaviy qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarorlari qabul qilindi.

 

Saylovlarni tashkil etish va uni o‘tkazish davrida aholi keng qatlamiga saylov qonunchiligining mazmun-mohiyatini yetkazish, huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan, aholiga saylov qonunchiligining mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Targ‘ibot tadbirlarini yuqori saviyada, yangilangan saylov normalari asosida o‘tkazish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

 

Bugungi kunda Markaziy saylov komissiyasi fuqarolarning saylov huquqini samarali ta’minlash hamda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida faoliyatining yangi bosqichiga o‘tmoqda. Shu asnoda, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yangilangan rasmiy ramzi ham ko‘rib chiqildi va uni tasdiqlash bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur