MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI HAMDA TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI XAMKORLIGIDA O‘ZBEKISTONNING XORIJIY DAVLATLARDAGI DIPLOMATIK VA BOSHQA VAKOLATXONALARI UCHUN SEMINAR-TRENING BO‘LIB O‘TDI

08.04.2023

11829

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan 55 ta referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiya aʼzolari uchun onlayn tarzda o‘quv-seminar tashkil etildi.

O‘quv-seminar xorijdagi referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining ovoz berish kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, xorijdagi fuqarolarimiz zich joylashgan joylarda muddatdan oldin ovoz berishni tashkillashtirish o‘ziga xosliklari hamda xorijdagi referendum uchastkasida ovozlarni sanab chiqish, natijalarini rasmiylashtirish va tegishli okrug komissiyasiga taqdim etish tartiblari to‘g‘risidagi mavzular yoritildi.

O‘quv-seminarda yoritilgan mavzular xorijdagi referendum uchastka komissiyalarining qiziqishini uyg‘otdi, seminar mavzularga oid savol-javoblar va fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi.

O‘quv-seminar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi X.Mamatov xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolarimizning referendumda faol qatnashishi va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari ushbu huquqni taʼminlash uchun amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari juda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlab o‘tdi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur