Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxodjayevning matbuot anjumanidagi NUTQI
MSK Matbuot markazi
2023-yil 1-may
soat: 11:00
Aziz Vatandoshlar!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Kecha, 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining referendumi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis palatalarining qarorlarida belgilanganidek, 2023-yilning 30-aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendum byulletenida: “Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” degan savol berildi.
Barcha darajadagi referendum komissiyalari o‘z ishini “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun talablariga amal qilgan holda tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasining referendumi xalqaro normalar va standartlarga, referendum qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik va oshkoralik kabi umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda o‘tkazildi.
Referendumda har bir fuqaro o‘z qarorini erkin ifoda etdi. Ushbu jarayonlarda kuzatilgan ayrim kamchiliklar o‘z vaqtida, shu jumladan, jamoatchilik ishtirokida aniqlandi, ochiq muhokama qilindi.
Yuqoridagi holatlar referendum jarayoni to‘liq shaffof hamda jamoatchilik nazorati ostida o‘tkazilganligidan dalolat beradi.
Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatlar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan darhol munosabat bildirilib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari referendum o‘tkazilishi oldidan referendumga qo‘yilgan qonun loyihasi bo‘yicha moneliksiz tashviqot olib borish uchun barcha imkoniyatlardan foydalandi.
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini jami 383 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi.
Jumladan 14 ta nufuzli xalqaro tashkilotdan, xususan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti, Turkiy kengash Parlament Assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalardan 184 nafar, 45 ta davlatdan 199 nafar xalqaro kuzatuvchilar ushbu jarayonda ishtirok etdi.
Ayni paytda referendumni ommaviy axborot vositalarining jami 964 nafar vakili, jumladan, 127 ta xorijiy ommaviy axborot vositasidan 192 nafar vakil bevosita yoritib bordi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiya, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan esa O‘zbekiston tarixida birinchi marta, jami 43 ming nafardan ziyod vakillar referendumni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zingiz kecha guvoh bo‘ldingiz, referendum uchastkalariga o‘rnatilgan videokameralardan onlayn translyatsiya orqali ovoz berish jarayonini millionlab odamlar kuzatib bordi.
Shu bilan birga, minglab referendum uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan tele- va radio, foto reportajlar, intervyular va xabarlar muntazam uzatilib turildi. Referendum jarayoni ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish etildi.
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning referendum okruglaridagi bo‘limlarida referendum jarayonining barcha ishtirokchilari uchun keng media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular, uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bunday tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar, Adliya, Ichki ishlar, Raqamli texnologiyalar vazirliklari rahbarlari va referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023-yil 16-martda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kalendar rejasi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilgani referendumni milliy qonunchilik talablari asosida, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Jami 611 320 nafar fuqaro joriy yilning 19-aprel – 26-aprel kunlari o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
Referendumda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun 39 ta davlatda tashkil etilgan 55 ta referendum uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi.
Referendumda ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan 19 million 722 ming 809 nafar fuqarodan, O‘zbekiston Respublikasining referendumida chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz bilan birga hisoblaganda, 16 million 673 ming 189 nafar fuqaro ovoz berish byulletenlarini oldi va ovoz berdi. Bu referendumda ovoz beruvchilar umumiy sonining 84 butun yuzdan 54 (84,54) foizidan iboratdir.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi referendum uchastkalarining, shu jumladan chet eldagi uchastkalarning barchasida ovoz berish byulletenlari sanab chiqilgan.
Referendumning dastlabki natijalariga ko‘ra, “Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” degan savolga ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning 15 million 40 ming 55 nafari yoki 90 butun yuzdan 21 foizi yoqlab, 1 million 559 ming 200 nafari yoki 9 butun yuzdan 35 foizi qarshi ovoz bergan. Haqiqiy emas deb topilgan byulletenlarning soni 73 ming 934 dona yoki nol butun yuzdan 44 foiz.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘i yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qaror referendumda qabul qilingan deb hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, ushbu dastlabki maʼlumotlarga tayanib, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni O‘zbekiston Respublikasi xalqi tomonidan referendumda qabul qilingan deyishga barcha asoslar bor!
Albatta, referendumning yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori qabul qilinib, rasmiy eʼlon qilingandan so‘ng kuchga kiradi.
Referendumni o‘tkazish jarayonlarida uning natijalariga taʼsir qilmaydigan ayrim kamchiliklar kuzatildi.
Shu bilan birga, 8-Sirdaryo viloyati referendum okrugining 226-son, 10-Toshkent viloyati referendum okrugining 651-son, 14-Toshkent shahar referendum okrugining 772-son referendum uchastkalarida atroflicha ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan holatlar aniqlandi.
Xususan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi holatlar Markaziy saylov komissiyasining monitoringi natijasida aniqlangan bo‘lsa, Toshkent shahridagi holat ommaviy axborot vositalari orqali aniqlanib, ularning har biri yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi va okrug komissiyalari tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda o‘rganishlar olib borilmoqda.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha 10 758 ta uchastkalar faoliyat olib borganini hisobga oladigan bo‘lsak, referendum jarayonlarida kamchiliklar kuzatilgan uchastkalar nol butun o‘ndan bir (0,1) foizni ham tashkil etmaydi.
Hurmatli do‘stlar, xalqimizni ochiq-oshkora o‘tgan referendumda o‘z huquqidan foydalanib, yangi Konstitutsiya qabul qilganligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Fursatdan foydalanib, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining referendumini katta qiziqish bilan kuzatib borgan xalqaro tashkilotlarning missiyalari, xorijiy davlatlarning kuzatuvchilariga minnatdorchilik bildiramiz!
Ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlarga ham referendum jarayonlarini xolis, ochiq va oshkora yoritib borganliklari uchun alohida tashakkur izhor etamiz.
Qolaversa, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida tashkiliy hamda texnik jihatdan ko‘maklashib borgan mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar ishini ham eʼtirof etishga ijozat bergaysiz.
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni milliy qonunchiligimiz hamda umumeʼtirof etilgan xalqaro andozalarga mos, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishga munosib hissa qo‘shgan okrug va uchastka komissiyalari aʼzolariga, mahalliy kuzatuvchilarga va ushbu jarayonga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiramiz!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!