Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 27-iyun kundagi majlisi toʻgʻrisida axborot

27.06.2023

3290

msk_yangiliklari_in

2023-yil 27-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda OAV vakillarini akkreditatsiya qilish, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotiga doir masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda, saylovga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha koʻrilgan choralar komissiya aʼzolari tomonidan muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Qayd etish joizki, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda, oʻz vaqtida javob qaytarilmoqda hamda hech bir murojaat eʼtibordan chetda qoldirilmayapti.

Kun tartibiga muvofiq, majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan MDH, SHHT hamda xorijiy davlatlardan jami 33 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 102 nafar vakili akkreditatsiya qilindi. Bugungi kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 1 257 nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan 8-Sirdaryo, 13-Qashqadaryo hamda 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur