Bugun, 6-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi rais o‘rinbosari B.Kuchkarov, komissiya aʼzosi G.Rahimova, Hindiston saylov komissiyasi saylov komissari Pandey Anup Chandra, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Manish Prabxatlar ishtirok etishdi.
Delegatsiya aʼzolariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Kuzatuvchilar tomonidan saylovchilarning saylovga oid axborotlar bilan yuqori saviyada taʼminlanganligi, bir qator saylov uchastkalarida biometrik-identifikatsiya qurilmalaridan tajriba sinov tariqasida foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi alohida eʼtirof etildi.
Taʼkidlash joiz, xalqaro tashkilotlardan va xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchi kuzatuvchilar missiyalari 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi. Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar O‘zbekistonga tashrifi mobaynida saylov uchastkalarida bo‘lib, kuzatuvlari yuzasidan tegishli xulosalar va tavsiyalari beradi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot markazi