Joriy yil 25-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining (MDH) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar avvalida MSK Raisi Z.Nizamxodjayev YEXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas, byuroning saylovlar bo‘yicha tahlilchisi Teylor Kris Djon hamda missiya ekspertlari Rija Dorota va Inaishvili Kaxa bilan muloqot olib bordi.
Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasiga Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Bosh kotibi o‘rinbosari Trefilov D.A. hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi Missiya shtabi rahbari Kozyak Ye.V. tashrif buyurdi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev bo‘lib o‘tgan muloqot davomida xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari bo‘yicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar tafsilotiga to‘xtalib o‘tdi.
Xalqaro tashkilotlar saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari bo‘yicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni O‘zbekistonda saylov va referendum qonunchiligini yanada takomillashtirish, saylov va referendum amaliyoti samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotganligi alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi Raisi YEXHT DIIHB va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi missiyasi vakillari bilan olib borgan muloqotlari chog‘ida joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Xususan, saylovi kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib borayotgani, bu mas’uliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotganligi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oshkoralik berish maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar eng avvalo saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar o‘rtasida olib borilgan muloqotlar konstruktiv va samimiy tarzda yakun topdi. Markaziy saylov komissiyasi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida bu kabi muloqotlarga doim tayyor va ochiq ekanligini bildirib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati