Markaziy saylov komissiyasi raisi Navoiy viloyatida saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi

10.09.2024

469

msk_yangiliklari_in

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarning bilim va malakalarini oshirishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishmoqda. 10-sentyabr kuni mazkur safarlarning navbatdagi manzili Navoiy viloyatiga bo‘ldi.

 

               

 

Ma’lumki, ayni kunlarda respublika bo‘ylab har bir hududda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlari deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. 5-sentyabrdan start berilgan mazkur o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarida Navoiy viloyati kesimida 40 nafar malakali hududiy trenerlar o‘quv darslarini olib bormoqda

 

                       

 

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev mazkur o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarida ishtirok etib tinglovchilar bilan muloqot olib bordi. Muloqot davomida o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlaridan kutilayotgan natija, unda olingan bilim va ko‘nikmalarni saylov jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, MSK Raisi tinglovchilar uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazishda yaratib berilgan shart-sharoit bo‘yicha tinglovchilarning fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

                     

 

Shu bilan bir qatorda, Zayniddin Nizamxodjayev viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan ham tanishdi. MSK Raisi HSK binosida komissiya a’zolari hamda hududiy matbuot markazi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan suhbatlashdi. Suhbatlar davomida saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasida hududiy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

 

 

                   

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur