Markaziy saylov komissiyasi majlisi to‘g‘risida axborot

19.07.2024

997

msk_yangiliklari_in

19-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil birinchi yarim yillik ish rejasining ijrosi va 2024-yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash, Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, “E-saylov” axborot tizimining reglamentini tasdiqlash hamda birinchi yarim yillik davomida kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari hamda 2024 yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinib, ish rejasida o‘rin olgan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilganligi ko‘rib chiqildi, Kotibiyat xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirishga doir ko‘rsatmalar berildi.

 

 

Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining tegishli bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda “E-saylov” axborot tizimi ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.

 

“E-saylov” axborot tizimi saylovlarni samarali tashkil qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali saylov jarayoni ishtirokchilari tomonidan saylov komissiyalariga hujjatlarni taqdim etish, saylov komissiyalarining qarorlarini qabul qilish, shuningdek saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa harakatlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Majlisda ko‘rib chiqilgan “E-saylov” axborot tizimining reglamenti saylov jarayonlarini tashkil qilishda mazkur axborot tizimi orqali saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro elektron axborot almashinuvi tartibini belgilaydi.

 

 

2024 yil birinchi yarim yillik davomida Markaziy saylov komissiyasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha ko‘rilgan choralar muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi. Kelib tushgan barcha murojaatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda hamda o‘z vaqtida ko‘rib chiqilgan.

 

Majlisda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur