05.09.2024

1888

msk_yangiliklari_in

Bugun, 5 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bu yilgi saylovlardagi byulletenlar mutlaqo yangi shaklda tasdiqlandi. Ushbu saylov byulletenlarining ixchamligi byulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish imkonini bermoqda.

 

 

Bundan tashqari, har bir saylov turi uchun byulletenlarning rangi ham turlicha, ya’ni, Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och ko‘k rangda, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och yashil rangda, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och sariq rangda, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och kulrang rangda qilib belgilandi. Xuddi shu tartibda ovozlarni sanab chiqish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalar ham saylov byulletenlari rangiga mutanosib ravishda chop etilishi qayd etildi.

 

Ushbu holatda saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini hisoblash algoritmlari xronometraj qilinganda uchastka saylov komissiyasining ish hajmi va natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi qisqargani kuzatildi.

 

Jumladan, avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari o‘rtacha 4 soat vaqt sarflashgan bo‘lsa, yangi shakldagi saylov byulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirish, butun respublika bo‘yicha esa, komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqtini tejash imkonini beradi.

 

Natijada, avvalgi saylovlardagi uchastka saylov komissiyalarining o‘rtacha 11 nafar a’zolari sonini joriy yilda o‘rtacha 10 nafargacha, ya’ni respublika bo‘yicha 2,1 ming nafargacha kamaytirishga hamda ular uchun sarflanadigan 2 mlrd so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha xarajatlarni ham iqtisod qilinishiga erishilmoqda.

 

Shu bilan birga, saylov byulletenlarining ixcham hajmi va turli ranglarda chop etilishi saylovchilar uchun ham qulaylik yaratib, byulletenlarni bir-biridan ajratib olish va ularni to‘ldirish jarayonlarini yanada osonlashtiradi.

 

 

Qaror bilan belgilanganidek, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.

 

Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritilishi belgilab berildi, jumladan:

 

birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

to‘rtinchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli va matni namunasi ham tasdiqlandi.

 

Saylov byulletenlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga muvofiq saylov okrugi (hudud) bo‘yicha saylovchilar sonini inobatga olgan holda chop etiladi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur